Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
FUQAROLARNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TIJORAT BANKLARIDAGI OMONATLARINI HIMOYALASH KAFOLATLARINI TAʼMINLASHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining omonatlarini jahon moliyaviy krizisining ehtimol tutilgan salbiy oqibatlaridan himoyalashning ishonchli kafolatlarini taʼminlash, mamlakat bank tizimiga aholining ishonchini tobora mustahkamlash, aholi omonatlarini tijorat banklariga jalb qilish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, jismoniy shaxslarning tijorat banklari depozit hisobvaraqlariga joylashtirilgan pul mablagʻlari davlat tomonidan himoyalangan va fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlashning ishonchli kafolatlari qonunan taʼminlanadi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq omonatlarning miqdorlaridan qatʼi nazar, fuqarolarning tijorat banklari depozit hisobvaraqlaridagi omonatlari boʻyicha toʻla hajmda haq toʻlash kafolatlanadi.
3. Belgilansinki, fuqarolarning omonatlari boʻyicha toʻliq miqdorda haq toʻlash tijorat bankining mablagʻi hamda qonun hujjatlariga muvofiq tijorat banklarining badallari va ajratmalari hisobiga shakllantiriladigan Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda boshqa qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-noyabr,
PF-4057-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 48-son, 471-modda)