Farmonga ko‘ra, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
sohaga zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish, takrorlanuvchi vakolatlarni maqbullashtirish, milliy kinoindustriyani bosqichma-bosqich iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylantirish;
“O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish va ommalashtirish, loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish, mualliflik huquqini taʼminlash va boshqalar.
Madaniyat vazirligi muassisligida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi (Milliy kinokompaniya) tashkil etiladi.
Madaniyat vazirligining “Qoraqalpoqfilm” davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Qoraqalpoqfilm” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etiladi.
Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti va bir guruh kinoijodkorlarning Kinoshunoslar klubi tashkil etiladi.
O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi oliy organlarining mazkur uyushmalarni qo‘shib yuborish yo‘li bilan O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi.
Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, Madaniyat vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Kino sanʼati departamenti tashkil etiladi.
Milliy yuksalish g‘oyasiga xizmat qiluvchi, boy tariximiz va zamonaviy yutuqlarimizni dunyo ekranlariga olib chiqishga qaratilgan alohida ahamiyatga ega filmlarga Milliy kinokompaniya taklifi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan “Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar Kinochiptalarning yagona axborot tizimi hamda “O‘zbekfilm” milliy onlayn kinoplatformasi (Kinoplatforma) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
2028 yil 1 yanvardan:
davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan barcha filmlar hamda davlat arxivlaridagi kino merosi obyektlari bepul asosda Kinoplatforma bazasi uchun raqamli formatda majburiy ravishda taqdim etib boriladi;
xususiy kinostudiyalar va mualliflarning filmlari Kinoplatformaga shartnoma asosida joylashtirib boriladi;
mamlakatdagi barcha kinoteatrlar va boshqa kino namoyish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar Kinochiptalarning yagona axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinib, har bir seans, sotilgan chipta va tushumlar bo‘yicha real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan maʼlumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.