Qarorga ko‘ra, quyidagilar sport sohasida raqamlashtirish va boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish;
“ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimining yaxlit kompleksini joriy etish va kuzatib borish, shuningdek, uning boshqa davlat tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
sport sohasini raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy etilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar faoliyati uzluksizligini taʼminlash va boshqalar.
“ERP sport” tizimi doirasida sport sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida yaratilgan “MySport” mobil ilovasida quyidagi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi:
sport turlari bo‘yicha pulli xizmat ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat sport tashkilotlari bino-inshootlarini soatbay, kunbay, oylik hamda yillik tariflar bo‘yicha tizim orqali band qilish hamda to‘lovni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish;
davlat sport tashkilotlari bino va inshootlarini ijaraga berish orqali tushadigan mablag‘larni nazorat qilib borish;
tashkilot reytinglari, sport turlari, tariflar, inshootlar joylashuvi (lokatsiyalar), aksiyalar va boshqa turli axborot va statistik maʼlumotlarni olish.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan “ERP sport” tizimi orqali sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlariga diplom va sertifikatlarni QR kod qo‘yilgan holda elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi.
Quyidagilar umumtaʼlim muassasalarida o‘quvchilarni sportga jalb etishning qo‘shimcha yo‘nalishlari etib belgilandi:
umumtaʼlim muassasalari qoshida sport klublari va to‘garaklari tarmog‘ini kengaytirish, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari faoliyatini rivojlantirish;
sport maktablarini biriktirgan holda umumtaʼlim muassasalarida “maktabdan Sport akademiyasigacha” g‘oyasiga asoslangan yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida 1 tadan sport to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish.
Sport vazirligi tizimidagi sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazi (Markaz) tashkil etiladi.