Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab byudjet tizimi byudjetlari mablag‘lari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda obyektlarning boshlang‘ich qiymatini aniqlashda:
qurilish sohasidagi ishchi-xodimlarning mehnatiga haq to‘lash miqdori respublika bo‘yicha 1 kishi/soat uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) 5 foizida (ijtimoiy soliq to‘lovlarini hisobga olgan holda) belgilanadi;
pudrat tashkilotlarining ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 2,5 foizi, tog‘li, cho‘l, yetib borish qiyin bo‘lgan hududlardagi obyektlarda 5 foizi miqdorida belgilanadi;
pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari smeta qiymatining (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar) 20 foizi hamda zarur foyda 7 foizi miqdorida belgilanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha:
pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini hisoblash, tekshirish va tasdiqlash jarayonlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi (MAT) orqali elektron shaklda amalga oshiriladi;
pudrat tashkiloti tashkil topganiga bir kalendar yildan oshmagan va balans ko‘rsatkichlari, moliyaviy hisobotlar va hisobot ko‘rsatkichlari topshirilmagan hollarda boshqa xarajatlar smeta qiymatining 10 foizi hamda zarur foyda 7 foizi miqdorida qabul qilinadi.
Ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lar haqiqatda bajarilgan ishlar hajmi va qiymatidan kelib chiqqan holda moliyalashtiriladi.
Tender (tanlov) asosida rasmiylashtiriladigan shartnomalarda shartnoma davrida pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdoriga o‘zgartirish kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan hollar bundan mustasno).
Pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdori to‘g‘risidagi maʼlumotlar pudrat tashkilotlari kesimida “Shaffof qurilish” MATda eʼlon qilib boriladi.