Qarorga ko‘ra, 2030 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat muayyan mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslarga besh yil muddatga beriladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shaxsning tegishli mutaxassislik bo‘yicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Vakolatli organ — Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi.
2027 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvarga qadar xodimlar mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi (murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyatni amalga oshirmagan xodimlar bundan mustasno).
Murojaat Davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali qilinadi. Elektron arizalar dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Vakolatli organ so‘rovnomani 5 ish kuni ichida o‘rganib, talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshiriladi. Uning qog‘oz shaklidagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tgan xodimlar kasbiy faoliyatni davom ettirish uchun har besh yilda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.