Jinoiy javobgarlik:
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va unga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish belgilandi;
voyaga yetmaganga nisbatan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan odam o‘ldirish, terrorizm va boshqa ko‘rsatilgan holatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi;
bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish qo‘llanilmaydi.
Maʼmuriy javobgarlik:
ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolaning tarbiyasidagi majburiyatlarini bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi;
bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotini tarqatilganda, axborot mahsuloti musodara qilinib tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorini ijro etmaslik yoki ijro etishga to‘sqinlik qilgan fuqarolarga uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.
Mehnat munosabatlari:
bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish majburiyati yuklatilgan taʼlim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladi.
Himoya kafolatlari:
zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan advokat ishtiroki taʼminlanadi.