ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 21.09.2026 yildagi PQ-347-son

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tennis sport turini 2030-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
 
tennis bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 3 000 nafargacha yetkazish;
 
tennis bo‘yicha trenerlar sonini 200 nafarga yetkazish;
 
tennis sport turi bo‘yicha Osiyoda top-5 talikka kirish;
 
tennis sport turini istiqbolli sport turlari qatoriga kiritish choralarini ko‘rish.
 
2026-yil 1-oktyabrdan anʼanaviy tarzda tennis bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida quyidagi musobaqalarni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi:
 
Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) va Ayollar tennisi assotsiatsiyasi (WTA) hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligi ostida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tennis musobaqalari;
 
yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi;
 
yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida Respublika chempionati;
 
kattalar o‘rtasida “Uzbekistan open” xalqaro turniri;
 
erkaklar o‘rtasida “ATP Challenger” xalqaro musobaqasi.

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturi joriy qilinadi. Bunda dastur doirasida:
 
1–4-sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirish bo‘yicha boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi;
 
o‘quvchilarning tennisga qiziqishi hamda sport infratuzilmasi mavjudligiga qarab tennis rivojlantiriladigan umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari tanlab olinadi;
 
tanlab olingan umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi hamda ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, sport inventarlari, shu jumladan, “tennis wall” moslamalari bilan O‘zbekiston tennis federatsiyasi mablag‘lari hisobidan jihozlanadi;

mashg‘ulotlar tanlab olingan umumiy o‘rta taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi.

Qaror bilan 2023 yil 7 apreldagi PQ–114-son qarori 7-ilovasining 9 va 10-bandlaridagi miqdorlarga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritildi:

9. Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari hamda sovrindorlari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
 
oltin medal uchun — 25 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 12 500 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 6 250 AQSH dollari.
 
10. Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni tayyorlagan trenerlar quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
 
oltin medal uchun — 10 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 5 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 2 500 AQSH dollari.