Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tegishlicha hududiy shtablar, tuman (shahar) hokimlari rahbarligida – tuman (shahar) shtablari tashkil etilgan.
Farmonga ko‘ra, tuman (shahar) shtabi qaroriga asosan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha (jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘m hisobda) garov taʼminotisiz kredit ajratilishiga ruxsat beriladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
2026 yil 1 oktyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) tomonidan yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilinadi. Bunda:
tuman (shahar) shtablari mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;
tuman (shahar) shtablarining qarorlari kompensatsiya taqdim etish uchun asos hisoblanadi. Kompensatsiya taqdim etishda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarning joriy etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda Kompaniyaga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi;
bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini 2 marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmonga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolingan holda ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
2027 yil 1 yanvardan:
aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini o‘rganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ularning moliyaviy holatidan tashqari oila aʼzolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar asosidagi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi;
ko‘p o‘lchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga ko‘ra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
2027 yil 1 yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tug‘ish taʼtili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar aʼzolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026 yilda qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m, 2027 yilda 300 mlrd so‘m foizsiz kreditlar ajratiladi.