Ushbu Qonunning maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida quyidagilarning faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘lar nazarda tutiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar, tumanlararo maʼmuriy sudlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.