ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.07.2026 yildagi PF-140-son

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan “O‘zsuvtaʼminot” AJ (Jamiyat)ga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari “Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron platformasida aks ettiriladi.
 
Jamiyat va uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi.
 
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi.
 
2027 yil 1 yanvardan:
 
markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi.
 
tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” o‘tkaziladi va suvni qadrlash madaniyatini keng targ‘ib qilish chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
 
2027 yil 1 yanvardan boshlab:
 
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar va o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatganlik mezonlari kiritiladi;
 
hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
 
2027 yil 1 apreldan boshlab ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjet tashkilotlariga respublika bo‘yicha bir xil tariflar belgilanadi.
 
Ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.