ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 02.07.2026 yildagi PF-122-son

Farmonga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi (Markaz) hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari quyidagi tartibda kafolatlangan suv bilan taʼminlab boriladi:

Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 15 yanvarga qadar sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Markazga kiritib boradi;

Markaz har yili 30 yanvarga qadar baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan buyurtmanomalari asosida yil davomidagi suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha maʼlumotlarni oylar va subyektlar kesimida shakllantirgan holda Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi;

Suv xo‘jaligi vazirligi har yili 1 martga qadar shakllantirilgan ro‘yxatga asosan suv manbalarini ko‘rsatgan holda suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan 2030 yil 31 avgustga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan baliqchilik sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi toifasidan qatʼiy nazar:

Markaziy bank asosiy stavkasining ikki barobaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz banddan yuqori, biroq 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 8 foiz banddan yuqori, biroq 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;

milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.

Tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan baliqchilik korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan taʼminlash uchun yillik 18 foiz stavkada garov taʼminoti asosida 9 oygacha imtiyozli davr bilan 24 oygacha muddatga milliy valyutada imtiyozli kreditlar ajratiladi.