Maʼlumot uchun: Prezidentning 2026-yil 19-maydagi PF–95-son Farmoniga asosan:
Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi (Oliy maktab);
Oliy maktab tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi tashkil etilgan.
Qarorga ko‘ra, Oliy maktabda:
2026/2027 o‘quv yilidan o‘qish davomiyligi kamida 3 yil bo‘lgan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga talabgorlar o‘qishga qabul qilinadi;
2027/2028 o‘quv yilidan magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichi joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq maʼmurchiligi, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatini olish uchun o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjat beriladi.
Buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ASA) olgan Oliy maktab talabalariga ushbu sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplanadi.
Qarorga ko‘ra, Soliqqa oid tadqiqotlar markazida:
sunʼiy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha raqamli soliq maʼmurchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi;
soliq sohasidagi ilmiy izlanishlarni umumiy muvofiqlashtirish, soliq islohotlarining iqtisodiyotga taʼsirini baholash hamda “aql markazlari” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-avgustdan Oliy maktabda soliq organlari xodimlarining 3 yilda kamida 1 marta malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Soliq organlariga 1-marta ishga qabul qilingan (bundan Oliy maktab bitiruvchilari mustasno) mansabdor shaxslar soliq qonunchiligi va maʼmurchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslari bo‘yicha davomiyligi 3 oygacha bo‘lgan maxsus moslashishga ko‘maklashish (onboarding) o‘quv kursida o‘qitiladi.
Maktab, o‘rta maxsus va kasbiy taʼlim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida har yili “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi.
“Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari ularning ixtiyoriga ko‘ra Oliy maktabga imtiyozli yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilinadi.