Mazkur Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad etib 2026 – 2028 yillarda 172 ming gektar sanoatlashgan bog‘lar barpo etish belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan:
eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki haydaladigan yerlar turiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani (xulosa) qabul qilish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi;
Agentlik tomonidan xulosa berilgan sanadan boshlab:
12 oy davomida yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bog‘lar joylashgan maydonlar uchun yer solig‘i va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 3 baravarga oshiriladi;
24 oy davomida yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bog‘lar joylashgan maydonlarda suv olish taqiqlanadi.
2026 yil 1 iyuldan bog‘ yaratishga doir hujjatlar asosida eskirgan bog‘larni yangilash va sanoatlashgan bog‘larni barpo etishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:
tijorat banklari orqali 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada har bir gektarga 120 mln so‘mgacha miqdorda kreditlar;
xalqaro moliya institutlaridan meva-sabzavotchilik sohasi uchun jalb qilingan resurslar hisobidan ochilgan kredit liniyalaridan tadbirkorlarga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha yillik stavka 14 foiz (shundan, bank marjasi 4 foiz) etib belgilanadi;
xorijiy davlatlardan “in-vitro” usulida yetishtirilgan va sertifikatga ega mevali ko‘chatlarni import qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari orqali 18 oygacha muddatga milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz), har bir mevali ko‘chat uchun 5 AQSH dollarigacha ekvivalentida kreditlar ajratiladi.