Farmonga ko‘ra, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish uchun masʼul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi.
Sud apparati xodimlari kasb masʼuliyatini yana-da chuqur his etishlari maqsadida mansab darajasiga ega bo‘lgan sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etiladi.
Sud tizimida korrupsiyaning oldini olish:
sudyalar korpusiga nisbatan – Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tomonidan;
sud apparati, shu jumladan, Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti xodimlariga nisbatan – Oliy sudning Komplayens nazorat xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Komplayens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy taʼminot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departament boshlig‘iga tenglashtiriladi.
Komplayens nazorat xizmati lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan oliy yuridik maʼlumotli, shuningdek, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzodlar tayinlanadi.
Farmonga ko‘ra, HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalangan holda sudlar apparatining kadrlarini boshqarish va nazorat qilishning samarali va zamonaviy tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra 2026 yil yakuniga qadar:
nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlari, shu jumladan, ularning maʼnaviy-axloqiy va halollik sifatlarini haqqoniy baholash imkonini beruvchi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etiladi;
vakant lavozimlarni eʼlon qilish va nomzodlarni saralash jarayonlarini raqamlashtirishga mo‘ljallangan “vacancy.sud.uz” portali hamda sud tizimida xodimlar bilan ishlashga qaratilgan “SudHR” elektron platformasi ishlab chiqilib, ishga tushiriladi;
sudlarga oliy yuridik maʼlumot va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni jalb qilishda respublikaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil sentyabrgacha Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarining oldini olish bo‘yicha “real keyslar”ga asoslangan o‘quv-amaliy moduli joriy etiladi.