ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Tibbiyot sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 05.05.2026 yildagi PQ-170-son

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan:

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasi (Markaz) tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha ishchi organ sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan litsenziya berish hamda litsenziyalash bilan bog‘liq boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi;

tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish bo‘yicha alohida tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;

tibbiy faoliyatni litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish bo‘yicha:

tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy qilinadi;

tekshiruv o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organga nisbatan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazilmasligiga oid talablar tatbiq qilinmaydi;

o‘tkaziladigan profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni ko‘zdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin;

tibbiyot tashkilotlarini milliy akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolati belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tibbiyot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga ham beriladi.

Qarorga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalariga litsenziya berish orqali ularda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Bunda quyidagi muddatlarda litsenziya olinishi majburiy etib belgilanadi:

respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2027 yil 1 aprelga qadar;

hududiy darajadagi davlat tibbiyot muassasalari – 2028 yil yakuniga qadar;

tuman (shahar) darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2030 yil yakuniga qadar.

2028 yil 1 apreldan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga milliy yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasi (xalqaro akkreditatsiya)dan o‘tmagan respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnoma tuzish taqiqlanadi.

2027 yil 1 apreldan tibbiy faoliyatni litsenziyalashda tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan yagona talablarga (standartlarga) moslashtirgan holda Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga majburiy tartibda bepul integratsiya qilish orqali maʼlumot almashinuvini taʼminlash shartlari kiritiladi.