Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan:
nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga Davlat byudjeti hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi;
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi;
bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi;
tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
tug‘uruqni qabul qilish yo‘nalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Agentlik) etib qayta nomlanadi.
Farmonga ko‘ra, Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027 yil 1 maydan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Bunda:
nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibiga rioya etilishi tibbiy faoliyat uchun litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;
nodavlat tibbiyot tashkilotlarining inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali xavfi yuqori ko‘rsatkichga ega faoliyat hisoblanadi;
nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan transplantatsiya amaliyoti amalga oshirilgan bemorlar va donorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga muntazam taqdim etib boriladi.
2027 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Samarqand viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bino-inshootlarini qurish va ularda rekonstruksiya ishlarini olib borish bo‘yicha quyidagi takliflar maʼqullandi:
obyektlarda tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish-montaj ishlarini olib boradi;
qurilish-montaj ishlari yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda obyektlarda nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi;
obyektlarni qabul qilish ishlari yakunlangach tadbirkorlarga belgilangan mablag‘lar to‘lab beriladi.