ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 16.02.2026 yildagi PF-25-son

Farmonga ko‘ra, Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishning 2026 yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida O‘zbekiston Respublikasi o‘rnini kamiida 20 pog‘onaga ko‘tarish;

Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi tomonidan eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari sonini 2,5 barobarga oshirish;

xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish.

Shuningdek, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi O‘zbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati to‘xtatiladi hamda uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari tugatiladi.

O‘zbekiston standartlar instituti unga O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi.

2026 yil 1 apreldan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga quyidagi yengilliklar joriy etiladi:

muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2 foiz miqdorida belgilanadi hamda to‘liqligicha O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi;

tadbirkorlar tomonidan 2 va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.

Quyidagi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etiladi:

2026 yil 1 iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari;

2027 yil 1 yanvardan neft va gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar;

2028 yil 1 yanvardan energetika, kimyo, ekologiya, xizmat ko‘rsatish sohalari.