Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
2027 yildan har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi:
suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi;
suv bilan barqaror taʼminlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
2027 yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismi hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar o‘z mablag‘laridan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi.
Bunda “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.