ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 10.12.2025 yildagi PF-246-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi, jumladan:

yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;

savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.

2026 yil 1 apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;

alkogol va tamaki mahsulotlari;

transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;

qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;

ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.

2026 yil 1 yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. 

Bunda 2026 yil 1 iyuldan:

barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;

yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

2026 yil 1 yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.

2026 yil 1 martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.