Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad etib tadbirkorlarning maʼmuriy xarajatlarini 90 mlrd so‘mgacha qisqartirish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtini tejash belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
elektron raqamli imzo kalitini berish;
bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;
onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qo‘yish.
Farmonga ko‘ra, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida:
tadbirkor har bir xizmatdan o‘z tanlovi asosida ixtiyoriy ravishda foydalanadi;
tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 yanvardan:
YATTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;
tadbirkorlarning birlamchi maʼlumotlari o‘zgarganda ushbu maʼlumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YATT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda bepul kiritiladi.
2026 yil 1 martdan:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini maʼmuriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi;
“Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.