ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 18.09.2025 yildagi PQ-287-son

Qarorga ko‘ra, Kadastr agentligining “Ye-YER NAZORAT” tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi.

2026 yil 1 yanvardan maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalari faqatgina “Ye-YER NAZORAT” tizimi orqali amalga oshiriladi.

Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlarni quyidagicha toifalarga bo‘lish belgilandi:

“qizil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli yuqori hududlar;

“sariq” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli o‘rta hududlar;

“yashil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli past hududlar.

Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.