Farmonga ko‘ra, quyidagilar sohani takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishda sunʼiy intellektdan foydalanish orqali innovatsion yondashuvlarni joriy etish;
aholining huquqiy axborotga bo‘lgan haqiqiy talab va ehtiyojlarini o‘rgangan holda huquqiy maʼlumotlarni manzilli va maqsadli yetkazish.
Farmonga ko‘ra, Lex.uz asosida “proaktiv qonunchilik” tamoyili bilan huquqiy axborotni “aqlli targ‘ibot” shaklida yetkazishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
Lex.uz Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va YAIDXP (my.gov.uz) bilan integratsiya qilinadi;
tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning roziligiga asosan, soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ular faoliyatiga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuboriladi;
YAIDXP (my.gov.uz) foydalanuvchilarning shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan kundalik hayotda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning havolalari yuboriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish ishlarini “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda normativ-huquqiy hujjatlar matnlari “Ijro.gov.uz” tizimi va “Raqamli mahalla” platformasi orqali “respublika-viloyat-tuman-mahalla” tamoyili asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuboriladi.
Shuningdek, endilikda huquqiy targ‘ibot ishlari sohaga masʼul bo‘lgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Ularning bu faoliyati Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimida Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi orqali nazorat qilib boriladi.
Kartotekada Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjat daxl qiladigan subyektlar toifasi, ularga huquqiy axborotni yetkazish usullari hamda targ‘ibotni tashkil qilishga masʼul davlat organlari va tashkilotlari belgilanadi.
Bundan tashqari, internetdagi ommabop platformalarda huquqiy axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish qamrovini oshirish maqsadida “Adliya TV” sahifasi ishga tushiriladi.