ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 08.09.2025 yildagi PQ-270-son

Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

sud-ekspertlik faoliyatini raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish orqali tadqiqotlarning tezkorligi, xolisligi va to‘liqligini taʼminlash;

sud-ekspertiza tashkilotlari va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali sohada elektron hujjatlar almashinuvi hajmini 100 foizga yetkazish.

Qarorga ko‘ra, sudlar, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati organlar bilan elektron hujjatlar almashinuvini taʼminlovchi “E-ekspertiza” axborot tizimi sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga to‘liq joriy etiladi.

“E-ekspertiza” platformasi va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvi quyidagi bosqichlarda yo‘lga qo‘yiladi:

2026 yil 1 yanvardan respublika darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda;

2026 yil 1 iyundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda;

2026 yil 1 sentyabrdan tuman (shahar) darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda.

Qarorga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining ixtiyoriy aʼzoligiga asoslangan O‘zbekiston sud ekspertlari palatasi tashkil etiladi.

Nodavlat sud ekspertlarining kasbiy va amaliy tayyorgarlik darajasini aniqlash, ularning noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq holatlarning adolatli ko‘rib chiqilishini taʼminlash uchun Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

2025 yil 1 noyabrdan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

2025 yil 1 dekabrdan nodavlat sud ekspertlariga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida faoliyat yuritish huquqi beriladi.

2025 yil 15 dekabrdan shaxslar uchun X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazish bo‘yicha “Sud-ekspert” portali orqali onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

2026 yildan 1 yanvardan Respublika sud ekspertizasi markazi sud ekspertlari obyektlarni ko‘zdan kechirish uchun joylarga chiqqanda majburiy ravishda mobil videokamera (bodikamera)lardan foydalanishi tartibi yo‘lga qo‘yiladi.