Qarorga ko‘ra, davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan maʼmuriy hujjatlarini sudgacha bo‘lgan bosqichda apellyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etilmoqda.
Quyidagilar tasdiqlandi:
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha maʼmuriy hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligini sudgacha ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzuridagi Apellyatsiya kengashlarining namunaviy tarkibi.
Apellyatsiya kengashlari Vaqtinchalik nizomda nazarda tutilgan 20 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan qabul qilingan maʼmuriy hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini sudgacha ko‘rib chiquvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kollegial organlar hisoblanadi.
Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi tegishliligiga ko‘ra apellyatsiya kengashlarining ishchi organlari hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashlari maʼmuriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqish orqali ularni qisman yoki to‘liq bekor qilish, shuningdek, maʼmuriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha maʼmuriy organga majburiyat yuklash haqida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega.
Apellyatsiya kengashlari o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi.