Qarorga muvofiq, 2025 yilda bojxona sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
bojxona organlari axborot tizimlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
bojxona organlari tashkiliy tuzilmalarini optimallashtirish.
Bojxona qo‘mitasi tizimida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi tashkil etiladi. Bunda hududiy boshqarmalarning masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari bosqichma-bosqich tugatiladi.
2026 yil 1 yanvarga qadar Bojxona institutida quyidagi axborot tizimlari joriy etiladi:
taʼlim jarayonlarini tashkil etish va boshqarish bo‘yicha “Taʼlim menejmenti” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
professor-o‘qituvchilar faoliyati samaradorligini reyting baholash bo‘yicha “Samaradorlikni baholash” moduli;
bojxona organlari xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha “Malaka” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
2025 yil 1 iyuldan sug‘urta tashkilotlari bilan bojxona organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
bojxona postiga kirib kelgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi to‘g‘risida sug‘urta polisini rasmiylashtirish bojxona organlari axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
Bojxona qo‘mitasining tegishli dasturlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish fuqarolik javobgarligi to‘g‘risida sug‘urta polisi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Qarorga asosan, tovarlar rasmiylashtiruvi jarayonida bojxona organlarining “Xavflarni boshqarish” axborot tizimi quyidagi yo‘laklar kesimida tovar, transport vositalari, shaxslarning xavf darajalari hamda ularga nisbatan qo‘llaniladigan bojxona nazorati shakllari va hajmini belgilaydi:
“yashil yo‘lak”da xavf darajasi past belgilanadi va bojxona nazorati shakllari qo‘llanilmaydi (tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazorati bundan mustasno). Bunda “yashil” yo‘lakka yo‘naltirilgan tovarlar avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi;
“sariq yo‘lak”da xavf darajasi o‘rta belgilanadi va bojxona nazoratining bir yoki bir nechta shakllari qo‘llaniladi (bojxona va shaxsiy ko‘rik bundan mustasno);
“qizil yo‘lak”da xavf darajasi yuqori belgilanadi va bojxona nazoratining bir yoki bir nechta shakllari qo‘llaniladi;
“ko‘k yo‘lak”da bojxona nazorati shakllari tovar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
2025 yil 1 oktyabrdan tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib o‘tish bo‘yicha barcha sertifikat, xulosa va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar faqat “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
2026 yil 1 sentyabrdan Bojxona qo‘mitasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda barcha ishtirokchilar uchun qulay bo‘lgan tartibotlarni, shu jumladan, logistika xizmatlarini o‘z ichiga olgan axborot platformasi joriy etiladi.
Bundan tashqari, logistika uchun qulay chegara o‘tkazish punktlariga yondosh hududlarda bojxona terminallari quriladi.
Shuningdek, aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlar uchun karantin ruxsatnomalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun veterinar ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, gigiyenik va ekologik sertifikatlar 1 kalendar yildan oshmagan muddatga 1 marotaba taqdim etiladi.