ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 30.01.2025 yildagi PQ-33-son

Qarorga ko‘ra, maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli va samarali himoya etilishini ustuvor ravishda taʼminlash;

fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qo‘llash mexanizmlarini kengaytirish;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish;

maʼmuriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirish;

davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini to‘liq joriy etish;

maʼmuriy yustitsiya tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirib borish.

Qarorga ko‘ra,  maʼmuriy sudlar faoliyatiga quyidagi tartiblar joriy etiladi: 

qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini taʼminlash;

maʼmuriy sud ish yurituvida ishlarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini taʼminlashga hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan dastlabki eshituv institutini joriy etish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi: 

davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili maʼmuriy sudning majlisida majburiy ishtirok etishini taʼminlash;

maʼmuriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv institutini joriy etish;

maʼmuriy sudga nizolarni hal etish jarayonida sudga hurmatsizlik qilinishi va sudning xususiy ajrimi bo‘yicha choralar ko‘rmaslikka oid huquqbuzarliklar aniqlanganda, maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolatini berish.

2025 yil 1 maydan tadbirkorlar tomonidan tan olingan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha soliq organi tomonidan ushbu tadbirkorning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish tartibi joriy etiladi.