Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Sug‘urta qildiruvchi subsidiya olish maqsadida “Agroplatforma” ATda ro‘yxatdan o‘tadi va quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
sug‘urta shartnomasi;
sug‘urta polisi;
sug‘urta shartnomasida qayd etilgan sug‘urta mukofotining to‘liq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.
Sug‘urta qilish nazarda tutilgan sug‘urta qildiruvchining qishloq xo‘jaligi ekinlari “CropAgro” ATga elektron joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.
Subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
sug‘urta qildiruvchining o‘z arizasiga asosan;
belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
sug‘urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on maʼlumotlar taqdim etilganda;
qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.
Sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni boshqa asoslar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.