ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Yoʻllar va yoʻl infratuzilmasining yaxshi holatda saqlanishini taʼminlash hamda hududlarni obodonlashtirish boʻyicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 01.07.2024 yildagi PQ-241-son

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabrdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:

jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obyektini har qanday ko‘rinishda taʼmirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi;

ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda YAIDXP (my.gov.uz) orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi;

ruxsatnoma yo‘l obyektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi;

ruxsatnomada yo‘l obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli maʼmuriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi;

yo‘l obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart hisoblanadi;

ruxsatnoma olmasdan turib yo‘l obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, qurilish va taʼmirlash ishlari maydonida belgilangan tartibda ruxsatnomani ilib qo‘ymaslik yoki taqdim etmaslik, qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini ko‘rmaslik, shuningdek, qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlangandan so‘ng yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qarorga muvofiq, ruxsatnoma olmasdan yo‘l obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirganlik yoki yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik holati bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlanishiga faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi.

Hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tariqasida 2024 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 sentyabrgacha joylardagi hokimlar belgilab beradigan muayyan hududda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi masʼuliyati OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirilishini tashkil qilish;

ko‘p qavatli uylar hovlisi va atrofi, yo‘l hamda ko‘cha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy ko‘rinishini tasdiqlash;

yo‘l va ko‘cha chetlaridagi bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlash.