ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 05.06.2024 yildagi O‘RQ-931-son

Ushbu Qonun 5 ta bob va 33 ta moddadan iborat.

Qonunning maqsadi:

Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir ko‘rsatayotgan yoxud taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat.

O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi va davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Qonunda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb eʼtirof etilishi,  xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘idagi huquq va majburiyatlari hamda xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarni nazarda tutadi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga oid moddada manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish orqali shaxsiy naf olishga, manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chog‘ida maʼlumotlarni yashirishga yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishga va biri boshqasiga bo‘ysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga yo‘l qo‘yilmasligi va boshqa faoliyatlar xususida so‘z boradi.

Qonunning 2-bobi Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish deb nomlanib, unda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar, Davlat organlari yoki odob-axloq komissiyasi, shuningdek, Maxsus bo‘linmaning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari yuzasidan maʼlumotlar berilgan.

3-bobda Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar haqida maʼlumot berilib, ushbu bob manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma, uni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibiga oid normalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada qanday maʼlumotlar berilishi kerakligi, deklaratsiyani taqdim etish tartibiga oid huquqiy maʼlumotlar taqdim etilgan. Ushbu bobning yana bir muhim moddasi Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash bo‘lib, bu jarayon bir qator manbalardan olingan axborot va maʼlumotlar asosida amalga oshirilishini ko‘zda tutadi.

Qonunning 4-bobi Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ko‘rib chiqish va tekshirishdan iborat bo‘lib, unda manfaatlar to‘qnashuviga oid hollarga nisbatan ko‘riladigan choralar, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq hujjatlarning maxfiyligini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvi hollari to‘g‘risidagi murojaatlari va xabarlarini ko‘rib chiqish va axborotning hisobini yuritish kabi masalalarga urg‘u berilgan. Agar biror korxona yo tashkilotlarda manfaatlar to‘qnashuviga duch kelinsa, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish uchun bir qator choralar taklif qilingan. Bunda manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining roziligi bilan ko‘rilishi kerak.