ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.05.2024 yildagi PF-81-son

Farmonga muvofiq:

1) 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab:

a) davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi taʼlim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilishi;

davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilishi;

davlat oliy taʼlim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etilishi;

davlat granti kvotalarining oliy taʼlim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshirilishi;

oliy taʼlim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik taʼminotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantirishi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etishi;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o‘rganishi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga (Davlat komissiyasi) kiritishi;

Davlat komissiyasi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va tillar kesimida bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy taʼlim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etishi belgilandi;

b) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab har bir taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi taʼlim sohalari (bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

v) 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanishi belgilandi;

2) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va taʼlim granti shaklida ajratish to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi. Bunda

a) ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratilishi;

b) taʼlim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy taʼlim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratilishi;

v) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir o‘quv yili uchun ajratilishi belgilandi. Bunda:

taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;

taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;

taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq taʼlim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi;

ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi;

taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi;

3) Quyidagilar belgilab qo‘yildi:

a) davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

b) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.

v) 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining boshqa taʼlim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

4) Magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etilishi belgilandi:

xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha — kamida S1 darajasida;

gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari bo‘yicha — kamida V2 darajasida;

boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha — kamida V1 darajasida.

5) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim tashkilotlari va texnikumlarga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilishi belgilandi. Bunda:

davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy taʼlim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi;

2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yo‘nalishi va taʼlim shaklini tanlaydi.