ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.05.2024 yildagi PF-80-son

Farmonga muvofiq:

1) Tuman (shahar) adliya bo‘limlariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida 2 marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish;

uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

“mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish va boshqalar;

2) 2024 yil 1 iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinishi belgilandi:

Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;

huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi;

3) Maktablarda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik taʼminlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, huquq fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib boriladi;

4) Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida huquqni qo‘llashni metodik taʼminlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi;

5) 2024 yil 1 iyuldan:

Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida, ularning elektron nusxalarini talab etish amaliyoti bekor qilinadi;

avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi;

noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi;

6) Yangi davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini joriy etishdan avval ularni, zaruratga ko‘ra, eksperiment tariqasida maʼlum bir hududda aprobatsiya qilish tartibi joriy qilinishi belgilandi.

7) Quyidagilar tashkil etilishi belgilandi:

Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazi, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi hamda “O‘zarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti;

Adliya vazirligining “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi negizida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti;

8) Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilishi belgilandi:

intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda xulosa berish;

kontrafakt mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish holatlarini aniqlash bo‘yicha maxsus vakolatli organlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish va aniqlangan kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilish;

intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarni vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirish.

9) 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa maʼlumotlarni o‘z ichiga oluvchi Aholining yagona elektron reyestri joriy etilishi belgilandi;

10) 2024 yil 1 iyuldan 2026 yil 1 iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.

Huquqiy eksperiment doirasida Adliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil qilinishi belgilandi.