Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish;
gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash va boshqalar;
2) Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (Qo‘mita), uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi;
3) Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini taʼminlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish;
oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish;
xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlar yo‘nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga yordam ko‘rsatish;
4) Quyidagilar:
Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimi;
hokim o‘rinbosarlari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimlari;
hokim o‘rinbosarlari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlari lavozimlari tugatildi;
5) Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga xotin-qizlar faoli lavozimi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlangan holda bir nafardan joriy etildi;
6) Quyidagilar mahalladagi xotin-qizlar faolining asosiy vazifalari etib belgilandi:
xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy muhitini va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi;
“Ayollar maslahat kengashlari” bilan yaqin hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarni ishlab chiqish va kredit olishda ularga ko‘maklashish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
7) Quyidagilar:
Qo‘mita oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanishi;
oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Qo‘mita bilan kelishilishi;
Qo‘mita tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanishi;
Qo‘mita xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanishi;
mahalladagi xotin-qizlar faoli o‘z faoliyatida Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalariga bo‘ysunadi hamda ular oldida hisobdor bo‘lishi belgilandi.