ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
2022-2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 21.01.2022 yildagi PF-55-son

Farmonga muvofiq:

1) Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha komissiya (Komissiya) tuzildi;

2) 2024 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablag‘lari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini ijobiy klinik sinovlar natijalari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda sertifikatlash jarayonlari asosida o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etildi;

3) Quyidagilar belgilandi:

a) farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida:

2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)»ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilindi;

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish uchun qabul qilingan buyurtmalarga ko‘ra namunalar tanlashni hududlardagi sertifikatlashtirish organlari ekspertlari orqali amalga oshirishga ruxsat berildi;

b) farmatsevtika sohasidagi cheklovlarni kamaytirish yo‘nalishida:

donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;

dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov;

xalqaro brendlar asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilindi;

v) zarur amaliyotlar (GxP) talablarini tizimli joriy etish yo‘nalishida:

2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etildi;

farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirildi;

2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab berildi;

2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat berildi;

4) Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan va farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ehtiyoji uchun keltiriladigan hamda farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan dorixona ichida dori tayyorlash maqsadida olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, laboratoriya hayvonlarini boqish, klinik-oldi tadqiqotlar va dori vositalari ishlab chiqarish (shu jumladan dorixona ichida tayyorlash) uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2028 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojlaridan ozod qilinishi belgilandi.