Farmonga muvofiq:
1) 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi;
2) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (Agentlik);
Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari;
tumanlar va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari negizida tuman (shahar) hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari (Markazlar) tashkil etildi;
3) Quyidagilar belgilab qo‘yildi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori rahbarlik qilishi;
Agentlik huzurida bir yil muddatga doimiy faoliyat yuritadigan «Mahallabay ishlash shtabi» tashkil etilishi;
Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi rahbarlarining tegishli o‘rinbosarlari bir yil muddatga boshqa barcha vazifalarni bajarishdan ozod etilgan holda «Mahallabay ishlash shtabi»ga xizmat safariga yuborilishi;
4) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish vazifasi yuklandi;
5) Quyidagilar belgilab qo‘yildi:
hokim yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (shuʼba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanishi;
hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinishi;
nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkinligi;
6) Vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlariga hokim yordamchilari lavozimiga tayinlangan xodimlarning avvalgi ish joyidagi lavozimini ikki yilgacha muddatga saqlab qolish, mazkur davrda ushbu lavozimga boshqa shaxslarni muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilish tavsiya etildi;
7) "Yangi O‘zbekiston islohotchisi" ko‘krak nishoni taʼsis etildi.