Farmonga muvofiq:
1) Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi yangilangan tarkibda tasdiqlandi;
2) Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
a) eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha:
eksport prognoz parametrlarining bajarilishini doimiy ravishda monitoring qilish, shuningdek kelgusi yillar uchun eksport prognozini shakllantirish ishlarini tashkil etish;
hududlar va tarmoq eksport salohiyatining o‘sishi va safarbar etilishiga to‘sqinlik qiladigan joriy va tizimli muammolarni aniqlash;
b) investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha:
davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirgan holda investitsiya dasturlari va markazlashgan investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish hamda o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini tashkil etish;
investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish hamda investitsiya oqimining o‘sishi va ularning jalb etilishiga to‘sqinlik qiladigan joriy va tizimli muammolarni aniqlash;
v) hududlarda sanoat klasterlarini tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha:
respublika hududlarida sanoatni jadal rivojlantirish hamda ilm-fan, innovatsiya, loyiha, moliya, injiniring va investitsiya tashkilotlarini qamrab olgan “sanoat klasterlari”ni tashkil etish;
mahalliy xom ashyo hamda materiallardan samarali foydalanish asosida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishni taʼminlaydigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
g) oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» bo‘yicha:
“yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlar, shu jumladan eksport kelishuvlarining to‘laqonli bajarilishi hamda investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish;
“yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarning vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida hamda samarali ijro etilishini taʼminlash, to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish va boshqalar;
3) Quyidagilar:
a) Hukumat komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining respublika hududlariga tashriflari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini taʼminlashi;
b) Hukumat komissiyasining Ishchi organlari:
eksport salohiyatini yana-da kengaytirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha – Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati;
hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari bo‘yicha – Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti hisoblanishi belgilandi.
4) Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarning cheklangan soni 18 nafar bo‘lgan Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi.
Inspeksiya shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasidagi Strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish shuʼbasining 7 ta hamda Oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va unga ko‘maklashish shuʼbasining 11 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantirilishi belgilandi.