ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 22.06.2020 yildagi PF-6012-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari (“yo‘l xaritalari”)ning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash;

qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;

O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish;

2) Quyidagilar tasdiqlandi:

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi (Milliy strategiya) va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;

O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

3) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

a) Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (Markaz) Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:

muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;

doimiy ravishda aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o‘z veb-saytida joylashtirib boradi;

har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritadi;

axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va eʼlon qilinishini taʼminlaydi;

b) “Yo‘l xaritasi”da belgilangan masʼul ijrochilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi;

4) Quyidagi takliflar maʼqullandi:

inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini taʼsis etish;

har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish;

5) Markaz xodimlarining lavozim maoshiga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 60 foizigacha qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilandi.