Farmonga muvofiq:
1) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trln so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi (Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi) tashkil etildi, shuningdek, uning mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va manbalari belgilandi;
2) Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tarkibda tashkil etildi;
3) Quyidagilar:
a) 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda:
YATTlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi BHMning 50 foiziga qadar kamaytirilishi;
alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytirilishi;
umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirilishi;
b) 2020 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatilishi;
v) qishloq xo‘jaligidagi yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirilishi;
g) 2019 yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020 yil 1 avgustga qadar uzaytirilishi;
d) jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrga qadar uzaytirilishi belgilandi;
4) 2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod qilish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi;
5) 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda:
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llash to‘xtatilishi;
soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turilishi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko‘rmasligi belgilandi;
6) 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini soliq auditidan o‘tkazish to‘xtatilishi, jinoyat ishlari doirasida va yuridik shaxsni tugatish munosabati bilan soliq auditidan o‘tkazish bundan mustasnoligi belgilab qo‘yildi;
7) Tadbirkorlik subyektlariga 2020 yil davomida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligini so‘ndirish evaziga texnologik asbob-uskunalar va xom ashyo tovarlarini import qilish bo‘yicha bir martalik operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berildi;
8) Quyidagilar:
koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘laniish;
koronavirus infeksiyasi bilan zararlanib, karantinga joylashtirilgan 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi belgilandi;
9) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy qilish yuzasidan topshiriq berildi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarning faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘quvchilarining ota-onalariga (ular o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga) yillik taʼtildan foydalanish grafigidan qatʼi nazar (shu jumladan 6 oydan kam ishlaganlarga) yillik taʼtil taqdim etiladi;
karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga o‘tkazishlari mumkin;
10) Quyidagi takliflarga rozilik berildi:
a) bank va to‘lov tizimlarining uzluksiz va barqaror faoliyatini taʼminlash choralarini quyidagilar orqali ko‘rish:
pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish hisobiga pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trln so‘mgacha likvidlik taqdim etish;
bankomatlarning yetarli miqdordagi naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz taʼminlanishi, shuningdek, masofaviy bank xizmatlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish;
b) tijorat banklari tomonidan:
turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi subyektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog‘ining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirish;
xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan isteʼmol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratish;
2020 yil 1 iyunga qadar kredit portfelini stress-testdan o‘tkazish, shuningdek, muammoli kreditlarning ortish xavfi mavjud bo‘lgan banklarda aktivlar sifatini baholab borish natijalarini taqdim etish.