Qonun 30 ta moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi
Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga solishdan iborat.
2. Isteʼmolchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs).
3. Isteʼmolchilarning asosiy huquqlari quyidagilar:
tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq maʼlumot olish;
tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish;
tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz bo‘lishini talab qilish;
hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishini talab qilish;
buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
4. Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi
Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tovarlarni kreditga sotish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki isteʼmolchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
6. Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi
Isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, isteʼmolchi talab qo‘ygan paytdan eʼtiboran 20 kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bo‘lmagan taqdirda, isteʼmolchining almashtirib berish xususidagi talabi daʼvo qilingan paytdan eʼtiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Cho‘l va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda isteʼmolchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin 2 oydan kechiktirmay qondirilishi lozim.
Ana shu muddatlarning o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining 1 foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
Isteʼmolchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.
7. Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi isteʼmolchi tegishli talab qo‘ygan paytdan eʼtiboran 20 kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, 10 kun ichida bepul bartaraf etishi lozim.