ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Davlat boji toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 06.01.2020 yildagi O‘RQ-600-son

Qonun 5 ta bob va 31 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi

Davlat bojini belgilash, undirish, uni qaytarish va uni to‘lashdan ozod qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Davlat boji – yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lov.

3. Davlat boji turlariga quyidagilar kiradi:

O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan konsullik yig‘imi;

ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat ko‘rsatish belgilariga, geografik ko‘rsatkichlarga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan patent boji.

4. Davlat bojini to‘lovchilar – vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar.

5. Shuningdek, Qonunda davlat bojining undirish obyektlari ham keltirilgan.

6. Davlat boji stavkalarining miqdorlari Qonunga ilova qilingan.

7. Davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning qatʼiy ro‘yxati ushbu Qonun bilan belgilanadi.

8. Davlat bojidan ozod qilinadigan shaxslar toifalari ro‘yxati quyidagilar bo‘yicha alohida sanab o‘tilgan:

a) fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish;

b) iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish;

v) maʼmuriy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish;

g) notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etish;

d) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish;

ye) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi; hujjatlarni rasmiylashtirish hamda berishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish;

f) konsullik yig‘imini to‘lashdan ozod qilish;

g) ayrim toifadagi shaxslarni davlat bojini to‘lashdan ozod qilish.

9. Davlat bojini to‘lash va hisobga o‘tkazish tartibi

Davlat boji, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat boji undiriladigan yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilguniga qadar va (yoki) bunga vakolatli bo‘lgan muassasalar (mansabdor shaxslar) tomonidan hujjatlar berilguniga qadar naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi.

10. Qonunda davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish asoslari belgilangan.

11. Bundan tashqari, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirishning o‘ziga xos xususiyatlari keltirilgan.