ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 25.12.2019 yildagi O‘RQ-598-son

Qonun 12 ta bob va 69 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

Chet ellik hamda mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar.

3. Investitsiyalarning obyektlari: ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari.

4. Investitsiyalarning obyektiga ko‘ra turlari: kapital, moliyaviy va ijtimoiy.

5. Investitsiyalar quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

– yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish;

– O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;

– konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, o‘zlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;

– mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obro‘sini (gudvillni) olish;

– yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini olish.

6. Qonunda investitsiya faoliyati ishtirokchisiga taqdim etiladigan kafolatlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonunchilik chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan eʼtiboran o‘n yil mobaynida qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

7. Imtiyoz va preferensiyalar:

– davlat mulki bo‘lgan obyektlarni yoki ularga bo‘lgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki nolga teng xarid qiymati bo‘yicha investorga berish;

– soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish;

– investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini subsidiyalash.

8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorlar tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida o‘zaro kelishuvga ko‘ra qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari beriladigan investitsiya shartnomasini tuzishi mumkin.

Hukumat chet ellik investorga investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etgan taqdirda Hukumat bilan investitsiya shartnomasi majburiy tartibda tuziladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish bo‘yicha takliflar kiritish tashabbusi

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish bo‘yicha taklif kiritish tashabbusi chet ellik investor tomonidan mustaqil ravishda yoki davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.

10. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati

Chet ellik investorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishi va ularga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda xalqaro shartnomalari bilan berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.

11. Yuridik va jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.

Chet davlatlarning hududiga investitsiyalar yuborishni tartibga solish ushbu Qonunga, hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotgan davlatning qonunchiligiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.