ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 03.10.2019 yildagi PF-5843-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagilar:

o‘z faoliyatini Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanishi;

xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining alohida qarorlari bilan o‘rnatilgan tartibda davlat fuqarolik xizmatchisi lavozimini egallashi mumkinligi;

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat davlatning maxsus xizmati hisoblanishi va alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi belgilandi;

2) Quyidagilar davlat fuqarolik xizmatini yana-da takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblanishi belgilandi:

kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish hamda ularning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishini nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyilini qo‘llash;

kadrlar malakasini muntazam oshirib borish, davlat fuqarolik xizmatchilarini toifalash va ularga malaka martabalari (darajalari) berish orqali xizmat karyerasining lavozim pog‘onalaridan bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi davlat fuqarolik xizmatining «karyera modeli»ni joriy etish;

nomzodning barcha fazilatlari va ustunliklarini, shu jumladan uning maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik sifatlarini obyektiv baholash imkonini beradigan ochiq mustaqil saralab olish asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish;

davlat organi va tashkiloti darajasidan (respublika, viloyat, tuman va shahar), xodimning malaka martabasi (darajasi) va shaxsiy hissasidan kelib chiqqan holda ish haqini belgilashga nisbatan unifikatsiyalashtirilgan talablar o‘rnatilishini nazarda tutuvchi davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning yagona tizimini joriy etish va boshqalar;

3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi (Boshqaruv samaradorligi agentligi) davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish, shuningdek, boshqaruv samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul hisoblanishi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunishi va unga hisob berishi belgilandi;

4) Quyidagilar Boshqaruv samaradorligi agentligining asosiy vazifalari etib  belgilandi:

davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish dasturlari va loyihalarini hamda mazkur sohani takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;

davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarining monitoringi hamda tahlilini amalga oshirish, shuningdek, mazkur sohani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish;

Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrini yuritish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalini tashkil etish va yuritish;

davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimini joriy etish va ularning natijalarini tahlil qilish, jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etish va boshqalar;

5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshida Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (Jamg‘arma) tashkil qilindi shuningdek, uning mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari va sarflanadigan yo‘nalishlari belgilandi;

6) Quyidagilar:

a) davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida quyidagi tartibda amalga oshirilishi, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlar bundan mustasnoligi:

2020 yil 1 yanvardan — tajriba tartibida, butun vertikal bo‘ylab — davlat boshqaruvi organlarida va hududlardagi barcha davlat tashkilotlarida;

2021 yil 1 yanvardan — davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida;

b) ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar Boshqaruv samaradorligi agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishmasdan turib lavozimdan ozod qilinishi mumkin emasligi;

v) davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlarini tashkil etish (qayta tashkil etish), xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ularning tashkiliy-shtat tuzilmalarini o‘zgartirish, shuningdek, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, xodimlari faoliyati samaradorligini baholash, shu jumladan, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan kelishib olinishi lozimligi;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;

d) davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirish Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan amalga oshirilishi;

ye) davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining rahbarlari:

Boshqaruv samaradorligi agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinishi;

har uch yilda Boshqaruv samaradorligi agentligida attestatsiyadan o‘tishi belgilandi.