ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 13.08.2019 yildagi PF-5780-son

Farmonga muvofiq:

1) Barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarining so‘zsiz bajarilishi, mulk va boshqa mulkiy huquqlar buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyillariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash;

aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, barqaror rivojlanayotgan tadbirkorlik subyektlari sonini yana-da ko‘paytirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish, shuningdek, o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlar bilan ishlashni kuchaytirish;

faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturarjoy obyektlari negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish, yer uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratishda ko‘maklashish;

tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy, tovar va xomashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishida amaliy yordam ko‘rsatish va boshqalar;

2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlandi:

tadbirkorlik subyektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;

tadbirkorlik subyektlarini har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

tadbirkorlik subyektlari ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan ularga nisbatan maʼmuriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

3) Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berildi;

4) 2020 yil 1 fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi va eksperimentning asosiy vazifalari belgilandi;

5) 2019 yil 1 sentyabrdan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan taʼlim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan (foydalanilmayotgan aktivlar) doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etilishi belgilandi;

6. Quyidagi tartiblarni o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflarga rozilik berildi:

a) tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-AUKSION” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion orqali mulk yoki ijara huquqi asosida taqdim etish;

b) jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqini berish.

7) Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (Agentlik) respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanishi va o‘z faoliyatida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga bo‘ysunishi belgilandi.