ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 29.08.1998 yildagi 670-I-son

Qonun 36 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish vaqtida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2. Xo‘jalik shartnomasi tushunchasi

Taraflardan biri shartlashilgan muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida tovarlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini to‘lash majburiyatini oladigan kelishuv xo‘jalik shartnomasi deyiladi.

3. Xo‘jalik shartnomasini tuzish

Xo‘jalik shartnomasi, qoida tariqasida taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo‘llashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo‘li bilan tuziladi.

Agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa, xo‘jalik shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.

4. Xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha talabnomalar va daʼvolar bildirish

Huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt mazkur huquq va manfaatlarni buzgan xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan talabnoma bildirishga haqlidir.

Talabnoma yozma shaklda bildiriladi.

5. Talabnomani ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari

O‘ziga talabnoma bildirilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt talabnomani olgan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida unga javob qaytarishi shart.

Talabnomaga javob xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari yoki rahbarning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va muhr bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.

Talabnomaga javob buyurtma yoki qimmatli xat tarzida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek talabnoma jo‘natilganligini qayd etadigan, qabul qilib oluvchini ogohlantiradigan boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda jo‘natiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.

Talabnoma to‘liq yoki qisman tan olingan taqdirda xo‘jalik yurituvchi subyekt arz qiluvchiga o‘zi tan olgan summani ixtiyoriy ravishda o‘tkazadi.

Agar talabnomani tan olish to‘g‘risidagi javobda tan olingan summa o‘tkazilishi haqida maʼlumot bo‘lmasa, talabnoma bildirgan taraf javob olingandan so‘ng yigirma kun muddat o‘tgach, bank muassasasiga qarzdor tan olgan summani so‘zsiz tartibda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishni taqdim etishga haqli. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.

6. Zararni to‘lash

Neustoyka (jarima, penya) to‘laganligidan qatʼi nazar, shartnoma majburiyatlarini buzgan taraf ikkinchi tarafga ana shu zarar oqibatida o‘zi yetkazgan zarar qismini ham qoplaydi.

Yetkazilgan zararlarga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishi munosabati bilan taraf qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlar, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida taraf olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlar kiradi.

Muddatini o‘tkazib yuborish yoki shartnoma majburiyatlarini o‘zgacha tarzda lozim darajada bajarmaslik hollari uchun belgilangan neustoykani (jarimani, penyani) to‘lash hamda shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, taraflarni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi, qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.