Qonun 23 ta moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi
Qishloq xo‘jaligi korxonasining to‘lov qobiliyatini, iqtisodiy quvvatini tiklash va kelgusida uning faoliyati samarali bo‘lishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
2. Qishloq xo‘jaligi korxonasini sanatsiya qilishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xo‘jaligi korxonasining faoliyatini tashkil etish va uni boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan zarur o‘zgartishlarni amalga oshirish;
raqobatbardosh mahsulot yetishtirish va uni realizatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
korxonaning moliyaviy barqarorligini taʼminlash.
3. Sanatsiya obyektlari va subyektlari
Zarar ko‘rib ishlovchi, to‘lovga qobiliyatsiz va iqtisodiy jihatdan nochor ahvoldagi qishloq xo‘jaligi korxonalari sanatsiya obyektlari bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari mol-mulkining mulkdorlari, kreditorlar yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sanatsiya subyektlari bo‘lishi mumkin.
4. Sanatsiya qilish vaqtida davlat yordami
Sanatsiya qilish vaqtida qishloq xo‘jaligi korxonalariga davlat yordami iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning eng muhim yo‘nalishlariga qarab, tarmoqni rivojlantirish, shuningdek, mehnat bozori va ish o‘rinlarini vujudga keltirish uchun korxonaning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda beriladi.
5. Sanatsiya ishlari bo‘yicha vakolatli organ
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilish bo‘yicha davlat siyosatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolat berilgan sanatsiya ishlari bo‘yicha organ (quyida vakolatli organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
6. Sanatsiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish asosi
Vakolatli organning qishloq xo‘jalik yili yakunlari bo‘yicha moliyaviy va xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish natijasida qishloq xo‘jaligi korxonasining to‘lov qobiliyatini va iqtisodiy quvvatini tiklash uchun real imkoniyatlar mavjudligi to‘g‘risidagi xulosasi qishloq xo‘jaligi korxonasini sanatsiya qilish haqida qaror chiqarish uchun asos bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonasining moliyaviy ahvoli qay darajadaligiga qarab, sanatsiyaning har xil shakllari va turlari qo‘llaniladi.
7. Sanatsiya o‘tkazish muddati
Qishloq xo‘jaligi korxonasini sanatsiya qilish yigirma to‘rt oy muddatgacha joriy etiladi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ushbu muddatning o‘n ikki oyga uzaytirilishiga yo‘l qo‘yiladi.