Hujjat 20.12.2025 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Investitsiya vositachisi sifatida depozitar operatsiyalari faoliyati toʻxtatilgan va tugatilgan taqdirdagi harakatlar tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3727]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Investitsiya vositachisi faoliyati toʻxtatib turilgan va tugatilgan taqdirda, depozitar operatsiyalar boʻyicha harakatlar tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 14-noyabr,
19-son
Kelishildi:
Savdo sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 24-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil J. URUNOV
2025-yil 16-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 14-noyabrdagi 19-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Investitsiya vositachisi faoliyati toʻxtatib turilgan va tugatilgan taqdirda, depozitar operatsiyalar boʻyicha harakatlar tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom investitsiya vositachisi faoliyati toʻxtatib turilgan va tugatilgan taqdirda, depozitar operatsiyalar boʻyicha harakatlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Investitsiya vositachisining faoliyatini toʻxtatib turish va tugatish, shuningdek investitsiya vositachisi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaning (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Investitsiya vositachisining faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda yoki uning qayta tashkil etilishi natijasida litsenziyasi bekor qilinganda, depozitar operatsiyalar boʻyicha mazkur Nizomda belgilangan harakatlar amalga oshiriladi.
3. Investitsiya vositachisi faqat mazkur Nizomning 4 va 6 — 10-bandlarida belgilangan harakatlarni amalga oshirganidan soʻng oʻz faoliyatini ixtiyoriy ravishda toʻxtatib turishi yoki tugatishi mumkin.
Bunda, mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan harakatlarni amalga oshirmaganlik natijasida kelib chiqadigan ehtimoliy oqibatlar uchun javobgarlik investitsiya vositachisi zimmasiga yuklatiladi.
2-bob. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan, tugatilgan yoki litsenziya bekor qilinganda, depozitar operatsiyalar boʻyicha amalga oshiriladigan harakatlar
4. Investitsiya vositachisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) yoki sudning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorini olgan vaqtdan eʼtiboran depozitar operatsiyalar boʻyicha quyidagi harakatlarni amalga oshirishi lozim:
mazkur Nizomning 10-bandi va litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan operatsiyalardan tashqari barcha depozitar operatsiyalarni amalga oshirishni darhol toʻxtatadi;
litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida ikki ish kuni ichida ommaviy axborot vositalarida va fond birjasining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
5. Litsenziyaning amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, vakolatli davlat organi investitsiya vositachisining depozitar operatsiyalarini tugatish boʻyicha maxsus komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etadi.
Komissiya tarkibiga vakolatli davlat organi, “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va investitsiya vositachisining vakillari, shuningdek, ayrim yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar kiritilishi mumkin.
6. Investitsiya vositachisi litsenziyaning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish hamda vakolatli davlat organining Komissiyani tayinlash toʻgʻrisidagi qarorini olgan paytdan boshlab:
mazkur Nizomning 10-bandi hamda litsenziyaning amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan operatsiyalardan tashqari barcha depozitar operatsiyalarni amalga oshirmasligi;
Komissiya ishi boshlangan sanaga qimmatli qogʻozlar balansini shakllantirishi;
investitsiya vositachisining vakillik hisobvaraqlari boʻyicha qimmatli qogʻozlar qoldiqlarini solishtirish uchun NOSTRO depo hisobvaragʻidan koʻchirma tayyorlashi;
Komissiya ishi boshlangan paytdan boshlab depozitar operatsiyalarni hisobga olish uchun alohida hisobga olish jurnalini yuritishi;
uch kun muddatda “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga investitsiya vositachisining vakolatli shaxslari va Komissiya raisining imzolari namunalari qoʻyilgan kartochkani taqdim etishi;
deponentlarning hisobvaraqlaridan koʻchirmalarni shakllantirishi va mazkur koʻchirmalarni deponentga Komissiya tomonidan belgilangan muddatlarda investitsiya vositachisi faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan birgalikda yozma yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa usulda yuborishi shart.
Bunda, investitsiya vositachisi deponentlar tomonidan qimmatli qogʻozlarni topshirish (olib qoʻyish) tartibi va Komissiya ishini yakunlashning dastlabki muddatini koʻrsatgan holda investitsiya vositachisi faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishga haqli.
7. Mazkur Nizomning 6-bandi yettinchi xatboshisidagi deponentlarga yuboriladigan xabarnomada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
investitsiya vositachisi faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi xabar;
deponentning qimmatli qogʻozlarini oʻzi tanlagan investitsiya vositachisiga oʻtkazishi mumkinligi va uning muddati;
deponent xabarnomada koʻrsatilgan muddatda kelmagan taqdirda, uning qimmatli qogʻozlari “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJdagi deponentlarning talab qilib olinguncha saqlanadigan vaqtinchalik hisobvaraqlariga oʻtkazilishi toʻgʻrisida ogohlantirish;
“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJning qimmatli qogʻozlarni saqlash boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun amaldagi tariflari.
8. Deponent investitsiya vositachisi tomonidan uning faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma unga yetkazilgan yoki bu toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan kundan boshlab bir haftalik muddatda tugatilayotgan investitsiya vositachisiga oʻz qimmatli qogʻozlarini boshqa investitsiya vositachisiga oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriq beradi.
Deponent tomonidan bir haftalik muddatda bunday topshiriq taqdim etilmagan taqdirda esa, investitsiya vositachisi vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan muddatlarda qimmatli qogʻozlarni keyinchalik uning egasi tanlagan investitsiya vositachisiga oʻtkazish uchun “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga (faoliyatni toʻxtatib turish hollari bundan mustasno) oʻtkazadi.
9. Investitsiya vositachisi:
deponent topshiriq bergan kundan boshlab uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda deponentning hujjatsiz qimmatli qogʻozlarini deponent tanlagan investitsiya vositachisiga oʻtkazishi;
amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq depozitar operatsiyalarni bajarish tartibiga rioya qilishi;
depozitar operatsiyalarni faqat Komissiya raisining imzosi boʻlgan taqdirda amalga oshirishi shart.
10. Investitsiya vositachisi:
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish, tugatish va bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar tuzilgan bitimlar boʻyicha qimmatli qogʻozlarni deponentlarning depo hisobvaraqlariga oʻtkazish;
deponentlarning talabiga koʻra qimmatli qogʻozlarni boshqa investitsiya vositachilariga oʻtkazishni amalga oshirish;
depo hisobvaraqlarida qimmatli qogʻozlarning nol qoldiqlari qayd etilganda ularni yopish;
qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli davlat organining, monopoliyaga qarshi kurashish davlat organining, shuningdek sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarorlari boʻyicha fuqarolik-huquqiy majburiyatlar yuklatilgan deponentlarning qimmatli qogʻozlari harakatiga cheklovlarni olib tashlash yoki oʻrnatish;
qimmatli qogʻozlar egalarining tarkibi oʻzgarishiga olib kelmaydigan depozitar operatsiyalarni amalga oshirish;
depo hisobvaraqlaridan koʻchirmalar va operatsiyalar bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni berish huquqiga ega.
3-bob. Komissiyaning huquq va vazifalari
11. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
ushbu Nizomga asosan deponentlarni xabardor qilish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
investitsiya vositachisining vakillik hisobvaraqlari boʻyicha qimmatli qogʻozlar qoldiqlarini solishtirish;
depozitar operatsiyalarning bajarilishini va qimmatli qogʻozlarni qaytarish jarayonida amalga oshiriladigan operatsiyalarni hisobga olish jurnalida qayd etilishini nazorat qilish;
investitsiya vositachisining hujjatlarini arxivda saqlash uchun topshirish ishlarini tashkil etish;
investitsiya vositachisi faoliyatini tugatish yakunlari boʻyicha hisobot tuzishni amalga oshiradi.
12. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
investitsiya vositachisining vakolatli shaxslaridan ochiq maʼlumotlarni soʻrab olish;
investitsiya vositachisining barcha hisob jurnallariga, kartoteka, arxiv va omboriga, shu jumladan elektron jurnallariga kirish;
shubhali deb hisoblangan operatsiyalarning bajarilishini asoslagan holda rad etish;
vakolatli davlat organiga Komissiyaning ish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan chiqish;
mazkur Nizomning 10-bandida koʻrsatilmagan va investitsiya vositachisi deponentlarining manfaatlariga daxldor boʻlgan boshqa operatsiyalarni bajarishga ruxsat berish.
4-bob. Investitsiya vositachisi tomonidan qimmatli qogʻozlarni qaytarish muddati tugaganidan keyin amalga oshiriladigan harakatlar
13. Investitsiya vositachisi mazkur Nizomning 8-bandi birinchi xatboshisida belgilangan muddat tugaganidan keyin oʻz qimmatli qogʻozlarini boshqa investitsiya vositachisiga oʻtkazish boʻyicha topshiriq bermagan deponentlarning qimmatli qogʻozlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga topshirish uchun quyidagi hujjatlarni tayyorlashi kerak:
a) har bir deponent boʻyicha quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan deponentlar roʻyxati:
deponent hisobining kodi va turi;
deponentning toʻliq nomi;
deponent toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (jismoniy shaxslar uchun — shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriyasi, raqami, sanasi va berilgan organi, yashash joyi, yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqami va sanasi, manzili);
agar mavjud boʻlsa, deponentning vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriyasi, raqami, sanasi va berilgan organi, depo hisobvaragʻini tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjat kim tomonidan berilganligi, uning raqami,sanasi va amal qilish muddati);
b) deponentning har bir depo hisobvaragʻi boʻyicha quyidagi maʼlumotlar:
depo hisobvaragʻining kodi va boʻlim kodi (subhisobvaraq);
investitsiya vositachisining kodlash tizimi;
“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJning kodlash tizimi boʻyicha qimmatli qogʻoz kodi;
emitentning nomi, qimmatli qogʻozlarning turi va toifasi;
depo hisobvaragʻida (subhisobvaragʻida) hisobga olingan qimmatli qogʻozlar soni va ushbu hisobvaraq boʻyicha amalga oshirilgan oxirgi operatsiya sanasi;
agar vakolatli davlat organi, monopoliyaga qarshi davlat organi, shuningdek sud va huquqni muhofaza qilish organlarining koʻrsatmalariga asosan deponentlarning qimmatli qogʻozlari harakatiga cheklov qoʻyilgan (bloklagan) boʻlsa, ushbu cheklov qoʻyish(bloklash) toʻgʻrisidagi qarorning raqami va sanasi, qarorni chiqargan organ va qarorning amal qilish muddati koʻrsatilgan eslatma;
c) investitsiya vositachisining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan deponentlarni roʻyxatga olish kartalari;
d) investitsiya vositachisining hisob registrlari.
14. Investitsiya vositachisi tomonidan mazkur Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar Komissiya tomonidan belgilangan muddatlarda “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
15. Faoliyati tugatilayotgan investitsiya vositachisi tomonidan deponentlarning hujjatsiz qimmatli qogʻozlarini boshqa investitsiya vositachilariga oʻtkazish va depo hisobvaraqlarini yopish bepul amalga oshiriladi.
Deponentlarning qimmatli qogʻozlari ushbu Nizomga muvofiq “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi” AJga oʻtkazilgan taqdirda, faqat qimmatli qogʻozlarni saqlaganlik uchun haq olinadi.
16. “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi” AJ mazkur Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
oʻz qimmatli qogʻozlarini talab qilib olmagan deponentlarga vaqtinchalik depo hisobvaraqlarini ochadi;
talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlarni deponentlarning vaqtinchalik depo hisobvaraqlariga oʻtkazadi.
17. Deponentlarning talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlari qabul qilib olingandan soʻng faoliyati tugatilayotgan investitsiya vositachisi va “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ oʻrtasida topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi hamda dalolatnoma Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ Komissiyaga faoliyati tugatilayotgan investitsiya vositachisining vakillik hisobvaragʻidan koʻchirma beradi.
5-bob. Komissiyaning deponentlarni qimmatli qogʻozlarini qaytarish boʻyicha amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisoboti
18. Qimmatli qogʻozlarni deponentlarga qaytarish va talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlarni “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga topshirish ishlari tugallangandan soʻng bir kun ichida Komissiya toʻrt nusxada bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot tuzadi hamda hisobot Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
19. Hisobotda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
Komissiya ishining boshlanish va tugash sanasi;
Komissiya ishi davomida investitsiya vositachisining faoliyatida aniqlangan kamchiliklar;
Komissiya ish boshlagan sanada investitsiya vositachisining hisobida yuritilgan qimmatli qogʻozlar soni;
Komissiya ishi boshlanganda investitsiya vositachisining vakillik hisobvaraqlari boʻyicha hisobga olingan qimmatli qogʻozlar soni;
Komissiya faoliyati davomida investitsiya vositachisi tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar soni;
deponentlar soni va ularning “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” Ajga vaqtincha saqlash va hisobga olish uchun topshirilgan, deponentlar tomonidan talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlarining umumiy soni;
Komissiya ishi davomida aniqlangan va investitsiya vositachisi tomonidan bajarilmagan deponentlarning topshiriqlari mavjudligi yoki mavjud emasligi;
investitsiya vositachisining depozitar operatsiyalar boʻyicha hujjatlarini arxivga topshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
20. Hisobotga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
investitsiya vositachisi faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi xabar (eʼlon);
Komissiya ishi boshlangan vaqtdagi qimmatli qogʻozlar balansi;
Komissiya ishi boshlangan va tugagan sanadagi investitsiya vositachisining vakillik hisobvaragʻidan koʻchirma;
Komissiya ishi davomida investitsiya vositachisi tomonidan oʻtkazilgan operatsiyalar jurnali;
talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlarning deponentlari roʻyxati, mazkur qimmatli qogʻozlar emitentlarining nomi, talab qilib olinmagan qimmatli qogʻozlarning turi va soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga topshirish-qabul qilish dalolatnomasi nusxasi;
investitsiya vositachisining depozitar operatsiyalar boʻyicha hujjatlarini arxivga topshirish-qabul qilish dalolatnomasining nusxasi;
Komissiya ishi davomida aniqlangan va investitsiya vositachisi tomonidan deponentlarni xabardor qilmasdan bajarilmagan topshiriqlar roʻyxati.
21. Komissiyaning hisoboti u tasdiqlangan vaqtdan boshlab bir kun ichida ilovalari bilan birga vakolatli davlat organi, “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va investitsiya vositachisiga bir nusxadan topshiriladi.
6-bob. “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJdan deponentlarga qimmatli qogʻozlarni qaytarish
22. “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga vaqtincha saqlash va hisobga olish uchun topshirilgan qimmatli qogʻozlarni deponentlarga qaytarish, agar ushbu qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar mavjud boʻlmasa, uning shaxsi aniqlanganidan keyin bir kun ichida deponent tanlagan investitsiya vositachisining vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
23. Deponent oʻz qimmatli qogʻozlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJdan qaytarish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
jismoniy shaxs — shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
rezident yuridik shaxs — davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnoma va yuridik shaxsning vakili murojaat qilganda, vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma);
norezident yuridik shaxs — yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatning savdo yoki bank reyestridan legallashtirilgan koʻchirma va uning elchixona, konsullik yoki notarius tomonidan tasdiqlangan tarjima nusxasi, depo hisobvaragʻi boshqaruvchisiga (u mavjud boʻlgan taqdirda) berilgan notarial tasdiqlangan ishonchnoma.
24. Agar roʻyxatga olish jurnalida depo hisobvaragʻini boshqaruvchisi sifatida deponentning vakili koʻrsatilgan boʻlsa, deponentning vakili “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga depo hisobvaragʻini boshqarish uchun berilgan ishonchnomani yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasini taqdim etishi kerak.
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deponentning qimmatli qogʻozlarini qaytarishda uning vasiysi yoki homiysi vasiylik yoxud homiylik toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasi va oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga taqdim etadi.
Agar muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxsning vasiysi yoki homiysi uning ota-onasi boʻlsa, ota-ona oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatini va bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasini taqdim etadi.
25. Taqdim etilayotgan hujjatlarning haqiqiyligiga asosli shubha tugʻilganda yoxud ulardagi maʼlumotlarda jiddiy tafovutlar mavjud boʻlganda, “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ deponent, uning vakili, vasiysi yoki homiysidan koʻrsatilgan hujjatlarning notarial tasdiqlangan koʻchirma nusxalari va tekshirish uchun qoʻshimcha hujjatlarni talab qilishga haqli.
7-bob. Investitsiya vositachisining hujjatlarni saqlash boʻyicha javobgarligi va majburiyati
26. Investitsiya vositachisi deponentning hisobvaraqlari holati va ular bilan amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisida maʼlumot olishga imkon beradigan barcha axborotlar va hujjatlarni ushbu hisobvaraqlar yopilguniga qadar lozim darajada saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
27. Investitsiya vositachisi faoliyati toʻliq tugatilguniga qadar deponentlarning hisobvaraqlari holati va ushbu hisobvaraqlar boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkonini beradigan axborot va hujjatlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda arxivlarga hamda ushbu axborot va hujjatlarning bir nusxasini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga topshirishi shart.
8-bob. Yakuniy qoida
28. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2025-yil 14-noyabrdagi 19-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatbaho qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2002-yil 13-martdagi 2002-02-son “Depozitar faoliyat toʻxtatilgan va tugatilgan taqdirdagi harakatlar tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxati raqami 1130, 2002-yil 23-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 8-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2008-yil 22-oktabrdagi 2008-26-son “Depozitar faoliyat toʻxtatilgan va tugatilgan taqdirdagi harakatlar tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1130-1, 2008-yil 18-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 47-son, 467-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2025-y., 10/25/3727/1188-son)