Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-avgustdagi OʻRQ-790-sonli “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 19-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan (bundan buyon matnda favqulodda vaziyatlar deb yuritiladi) muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi va rivojlanishining oldini olish, favqulodda vaziyatlar keltiradigan talafotlarni kamaytirish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishni maqsad qilib qoʻyadi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
(2-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralari, usullari, vositalari tizimi, saʼy-harakatlari majmui;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi;
(2-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar kompleksi.
(2-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
3-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik ushbu Qonundan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
insonparvarlik, inson hayoti va sogʻligʻining ustuvorligi;
oshkoralik;
axborotning oʻz vaqtida berilishi va ishonchli boʻlishi;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish choralarining oldindan koʻrilishi.
5-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oshkora boʻladi.
 LexUZ sharhi
Davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxatlar bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi va ularga nisbatan alohida muhofaza rejimi qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
Davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari aholining va hududlarning favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish holati hamda ularning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan koʻrilgan choralar haqida, oldindan bashorat qilinayotgan va roʻy bergan favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida, ulardan aholini muhofaza qilishning usul va yoʻllari haqida ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kanallar orqali aholini oʻz vaqtida va ishonchli tarzda xabardor etishlari shart.
Mansabdor shaxslar tomonidan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborotning yashirilishi, oʻz vaqtida taqdim etilmasligi yoki bila turib yolgʻon axborot taqdim etilishi ularning qonunchilikka muvofiq javobgarligiga sabab boʻladi.
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot bilan taʼminlash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(5-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlariga qarang.
II. FAVQULODDA VAZIYATLARDAN MUHOFAZA QILIShNI TAʼMINLASh TIZIMI
6-modda. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining, vazirlik va idoralarning, korxona, muassasa va tashkilotlarning boshqaruv organlari, kuchlari hamda vositalaridan iborat.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibi va faoliyat koʻrsatishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 515-son “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar davlat rezervlari yaratilishini taʼminlaydi hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga oid kuchlar va vositalarni moliya hamda resurs jihatidan taʼminlashni, ularni maxsus texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlashni amalga oshiradi;
favqulodda vaziyatlar tasnifini tasdiqlaydi hamda ularni bartaraf etishda ijro hokimiyati organlari ishtiroki darajasini belgilaydi;
vazirliklar, idoralar, ijro hokimiyati mahalliy organlarining aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarini amalga oshiradi.
(7-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bunday vaziyatlarda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, moddiy va madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shuningdek favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish va zararini kamaytirish yuzasidan choralar ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
(8-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida maxsus dasturlar ishlab chiqilishi va ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishini tashkil etadi;
oʻz vakolati doirasida vazirlik va idoralar, korxona, muassasa va tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladi;
boshqaruv organlarining, aholini va hududlarni muhofaza qilish kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga tayyor boʻlishini tashkil etadi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalari boshqaruvini amalga oshiradi, boshqaruv punktlari, xabar berish va aloqa tizimlarini tuzadi;
favqulodda vaziyatlar sharoitida avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlar oʻtkazilishini tashkil etadi;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlar boʻyicha loyihalar va qarorlar yuzasidan davlat ekspertizasi oʻtkazilishida ishtirok etadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-modda ikkinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Vazirliklar va idoralarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Vazirliklar va idoralar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
oʻz tasarrufidagi korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
tarmoqning va oʻz tasarrufidagi obyektlarning favqulodda vaziyatlar sharoitida barqaror ishlash imkoniyatini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejasini, nizomlar, qoidalar va yoʻriqnomalarni kelishib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etishlari;
oʻz tasarrufidagi obyektlar xodimlarini qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida favqulodda vaziyatlarda muhofazalanish usullariga va harakat qilishga oʻrgatishlari;
(9-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida xabar berish mahalliy tizimlarini yaratishlari va ularni doimo shay holatda saqlab turishlari;
aholining va hududlarning muhofazalanish holati toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot berishlari, shuningdek tarmoq xodimlarini favqulodda vaziyat tahdidi borligi toʻgʻrisida xabardor qilishlari;
moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalariga muvofiq oʻz tasarrufidagi ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarda hamda ularga tutash hududlarda avariya, qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlar tashkil etilishi, moliyalanishi va oʻtkazilishini taʼminlashlari;
oʻta muhim obyektlar va ularning xodimlarini favqulodda vaziyatlar sharoitida oʻz faoliyatlarini davom ettirishlari taʼminlanadigan punktlarga evakuatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maxsus kuchlari va vositalari tashkil etilishini, tayyorgarlikdan oʻtkazilishini va shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
oʻz tasarrufidagi obyektlar loyihalanishi, qurilishi va rekonstruksiya qilinishi chogʻida aholini va hududlarni muhofaza qilish masalalariga oid talablar bajarilishini nazorat qilib borishlari;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirishlari shart.
(9-modda birinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 515-son “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori.
Vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan roʻyxati belgilab qoʻyiladigan, potensial xavf manbai boʻlgan obyektlarda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar shtat lavozimlarini joriy etadilar. Boshqa obyektlarda esa masʼul shaxslar tayinlanadi.
10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
favqulodda vaziyatlar chogʻida aholini va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejasini ishlab chiqadilar;
aholining va hududlarning muhofazalanishiga oid axborotlar belgilangan tartibda toʻplanishi va almashinilishini, shuningdek favqulodda vaziyatlar tahdidi borligi yoki roʻy berganligi toʻgʻrisida aholi oʻz vaqtida voqif va xabardor etilishini amalga oshiradilar;
moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratadilar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini moliyalashni amalga oshiradilar;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarda barqaror ishlash imkoniyatini oshirishga yordamlashadilar;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha korxona, muassasa va tashkilotlar kuchlari va vositalarining shay holda turishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
avariya, halokat, tabiiy ofatlar sodir boʻlgan zonalarda qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirish uchun avariya-qutqaruv kuchlari (shu jumladan tezkor harakat boʻlinmalari) va maxsus tuzilmalarning doimo shay boʻlib turishini tashkil etadilar;
avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni tashkil etadilar hamda amalga oshiradilar, shuningdek bunday ishlar oʻtkazilishi chogʻida jamoat tartibi saqlanishiga koʻmaklashadilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
(10-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
xodimlar hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha zarur choralarni rejalashtirishlari, moliyalashlari va amalga oshirishlari;
xavf manbai yuqori boʻlgan obyektlar xavfsizligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda deklaratsiya taqdim etishlari;
xodimlarni favqulodda vaziyatlar sharoitida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida muhofazalanish usullariga va harakat qilishga oʻrgatishlari;
(11-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
xabar berish mahalliy tizimlarini yaratishlari va doimo shay holatda saqlab turishlari hamda favqulodda vaziyatlar tahdidi borligi yoki roʻy berganligi toʻgʻrisida xodimlarni oʻz vaqtida xabardor qilishlari;
favqulodda vaziyatlar sharoitida obyektlar ishi hamda xodimlar hayot faoliyati barqaror kechishini taʼminlashlari;
muhandislik-himoya inshootlari, zaruratga qarab, oldindan barpo etilishini taʼminlashlari hamda ularni doimo shay holatda saqlab turishlari;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishi ehtimolini nazarda tutib, belgilangan tartibda moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish kuchlari va vositalari yaratilishini, tayyorgarlikdan oʻtkazilishini hamda shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalariga muvofiq oʻz tasarrufidagi obyektlarda avariya-qutqaruv ishlari oʻtkazilishini taʼminlashlari;
belgilangan tartibda ixtisoslashgan xizmatlar va tuzilmalarni yaratishlari, ularni shaxsiy tarkib, texnika va anjom bilan toʻldirishlari;
belgilangan tartibda evakuatsiyaga oid tadbirlarni oʻtkazishlari va odamlarni joylashtirish uchun oldindan bazalar tayyorlab qoʻyishlari;
belgilangan tartibda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida axborotlar taqdim etishlari shart.
12-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishdagi ishtiroki
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
tegishli hudud, suv taʼminoti manbalari, uy-joylar, taʼlim muassasalarining sanitariya va ekologik holati ustidan nazorat amalga oshirilishiga koʻmaklashadilar;
(12-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
fuqarolarni favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga jalb qiladilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa choralarni amalga oshiradilar.
(12-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Jamoat birlashmalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishdagi ishtiroki
Jamoat birlashmalari favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishlari mumkin.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jamoat birlashmalari favqulodda vaziyatlar manbalari va ularni bartaraf etish choralari toʻgʻrisida davlat hokimiyat va boshqaruv organlaridan, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan belgilangan tartibda axborot olish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlariga qarang.
14-modda. Favqulodda vaziyatlar monitoringi va ularni oldindan bashorat qilish
Favqulodda vaziyatlar monitoringi va ularni oldindan bashorat qilish tabiiy ofatlarni, texnogen avariyalar va halokatlarni tekshirish va nazorat qilish maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlar monitoringini oʻtkazish va ularni oldindan bashorat qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
III. FUQAROLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
15-modda. Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi huquqlari
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
favqulodda vaziyat roʻy berganda hayotlari, sogʻliqlari va shaxsiy mol-mulklari muhofazalanishi;
umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan, mahalliy hokimiyat organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarda aholini muhofaza qilish uchun moʻljallangan boshqa mol-mulkidan foydalanish;
mamlakat hududining muayyan joylarida boʻlganda ular duch kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatar darajasi toʻgʻrisida hamda zarur xavfsizlik choralari haqida xabardor boʻlish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalari yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga murojaat etish;
favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarda ishlaganligi uchun bepul tibbiy xizmat, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlar olish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish mobaynida majburiyatlarini bajarish chogʻida sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyalar hamda imtiyozlar olish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish majburiyatlarini bajarish chogʻida orttirgan kasalligi munosabati bilan mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, nogironligi mehnatda mayib boʻlish oqibatida kelib chiqqan xodimlarga belgilangan tartibda pensiya olish:
boquvchisini aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish majburiyatlarini bajarish chogʻida orttirgan mayiblik yoki kasallikdan halok boʻlganligi yoki vafot etganligi munosabati bilan yoʻqotganda, mehnatda mayib boʻlish tufayli halok boʻlgan shaxsning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda pensiya olish.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi tartibi va shartlari, kompensatsiyalar va imtiyozlar turlari va miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Fuqarolar:
xavfsizlik choralariga rioya etishlari, ishlab chiqarish va texnologiya intizomi, ekologik xavfsizlik talablari favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan tarzda buzilishiga yoʻl qoʻymasliklari;
muhofazalanishning asosiy usullarini, jabrlanganlarga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish yoʻllarini oʻrganishlari hamda oʻz bilim va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirishlari;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan avariyalar, ofatlar, halokatlar va yongʻinlar tahdididan darak beruvchi alomatlar borligi toʻgʻrisida tegishli organlarga xabar berishlari;
(16-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son — 2020-yil 26-martdan kuchga kiradi)
favqulodda vaziyatlar tahdid solgan va boshlangan sharoitlarda ogohlantirish belgilarini, yurish-turish qoidalari va harakat qilish tartibini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish usullarini bilishlari;
zarurat boʻlganda avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni oʻtkazishda yordamlashishlari shart.
17-modda. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el davlatlarining fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega boʻladilar va majburiyatlarni bajaradilar.
18-modda. Aholini va mutaxassislarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash
Umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari hamda oliy oʻquv yurtlarida, ishlab chiqarish va turar joylarda aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga oʻrgatish umumiy va majburiydir.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi rahbarlari va mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari va oliy oʻquv yurtlarida, malaka oshirish muassasalarida, kurslarda, maxsus oʻquv-uslubiyat markazlarida va ish joyida amalga oshiriladi.
Aholini va mutaxassislarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
19-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi bilimlarni targʻib etish
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi bilimlarni targʻib etish davlat organlari, shuningdek odamlarni muhofaza qilish va qutqarish borasidagi tegishli jamoat birlashmalari tomonidan taʼminlanadi.
Bilimlarni targʻib etish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish mumkin.
IV. FAVQULODDA VAZIYATLARNI BARTARAF ETISh
20-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan harakatlar
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan harakatlar hududi va obyektlarida bunday vaziyat roʻy bergan korxona, muassasa va tashkilotlarning, vazirlik, idora va hokimliklarning kuchlari hamda vositalari bilan amalga oshiriladi. Zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda qoʻshimcha kuchlar va vositalar ajratiladi.
21-modda. Favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning chegaralarini belgilash
Favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning chegaralari davlat organlarining, korxona, muassasa va tashkilotlarning tegishli rahbarlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar tasnifiga muvofiq belgilanadi.
22-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining tugatilishi
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha qutqaruv, avariya ishlari va boshqa ishlar tegishli organlar qaroriga binoan tugatiladi.
Favqulodda vaziyat bartaraf etilganidan soʻng davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, vazirlik va idoralar, korxona, muassasa va tashkilotlar fuqarolarning hayot faoliyatini, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarning ishini tiklash hamda atrof tabiiy muhitni sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirishlari shart.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-258-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 316-modda)
23-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan kuchlar tarkibi
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan kuchlar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining harbiy qutqaruv boʻlinmalari, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarining tegishli tuzilmalari hamda boʻlinmalaridan iborat. Mazkur boʻlinmalar tarkibi hamda ularni qoʻllash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(23-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun ichki ishlar organlari kuchlari va vositalarining qoʻllanilishi
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun ichki ishlar organlarining kuchlari va vositalari qonunchilikka muvofiq qoʻllaniladi.
(24-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
25-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun qoʻshinlar va harbiy tuzilmalarni jalb etish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan Qurolli Kuchlarning, boshqa qoʻshinlar va harbiy tuzilmalarning kuchlari va vositalari jalb etilishi mumkin.
V. YAKUNIY QOIDALAR
26-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar rezervlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar rezervlari oldindan, Favqulodda vaziyatlar roʻy bergan taqdirda ularni shoshilinch tarzda jalb etish maqsadida yaratiladi.
Moliyaviy va moddiy resurslar rezervlarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 204 va 205-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
824-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 221-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2010-y., 37-son, 316-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )