O‘zbekiston Respublikasining qonuni
TURIZM TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-iyuldagi O‘RQ-549-sonli “Turizm to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2019-yil 20-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek turistlar va turistik faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
2-modda. Turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
O‘zbekiston Respublikasining turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
turizm — jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sog‘lomlashtirish, ma’rifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanmagan holda uzog‘i bilan bir yil muddatga jo‘nab ketishi (sayohat qilishi);
turist — O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (doimiy istiqomat joyidan turizm maqsadida jo‘nab ketgan) jismoniy shaxs;
turistik faoliyat — ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq sayohatlarni va ular bilan bog‘liq xizmatlarni tashkil etish borasidagi faoliyat;
ekskursiya faoliyati — turistik faoliyatning madaniy meros obyektlari va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ekskursiya yetakchisi hamrohligidagi 24 soatdan oshmaydigan ekskursiyalarni tashkil etishga doir qismi;
(3-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
turistik resurslar — tegishli hududning tabiiy-iqlim, sog‘lomlashtirish, tarixiy-madaniy, ma’rifiy va ijtimoiy-maishiy obyektlari majmui;
turistik faoliyat subyektlari — belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan va turistik xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar;
turistik industriya — turistik faoliyatning turistlarga xizmat ko‘rsatishni ta’minlovchi turli subyektlari (mehmonxonalar, turistik komplekslar, kempinglar, motellar, pansionatlar, umumiy ovqatlanish, transport korxonalari, madaniyat, sport muassasalari va boshqalar) majmui;
tur — muayyan yo‘nalish bo‘yicha turistik xizmatlar majmui (joy bandlash, joylashtirish, ovqatlantirish, transport, rekreatsiya, ekskursiya xizmatlari va boshqa xizmatlar) bilan ta’minlangan aniq muddatlardagi turistik sayohat;
turistik xizmatlar — turistik faoliyat subyektlarining joylashtirish, ovqatlantirish, transport, axborot-reklama xizmatlari ko‘rsatish borasidagi, shuningdek turistlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan boshqa xizmatlari;
turistik guruh rahbari — turistik faoliyat subyektining vakili bo‘lgan va uning nomidan ish ko‘rib, turistlarga hamrohlik qiluvchi, turistik xizmatlar ko‘rsatish shartnomasi shartlarining bajarilishini ta’minlovchi jismoniy shaxs;
gid (ekskursiya yetakchisi) — tur qatnashchilariga turistik xizmatlar ko‘rsatish shartnomasi doirasida ekskursiya-axborot, tashkiliy yo‘sindagi xizmatlar va malakali yordam ko‘rsatuvchi jismoniy shaxs;
turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya — turistik faoliyatni amalga oshirishga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi maxsus ruxsatnoma;
sertifikat — turistik xizmatlar sifatini va ularning muayyan standartga yoki boshqa normativ hujjatga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
4-modda. Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
turizm va turistik industriyani rivojlantirish;
fuqarolarning sayohat qilish paytidagi dam olish, erkin harakatlanish va boshqa huquqlarini ta’minlash;
turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;
turizm sohasidagi normativ bazani takomillashtirish;
bolalar, yoshlar, nogironlar va aholining kam ta’minlangan qatlamlari turizmi (ekskursiyalari) uchun sharoit yaratish;
turistik industriyani rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb etish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;
turistlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlari va mol-mulki muhofaza qilinishini ta’minlash;
turizm sohasining ilmiy ta’minotini tashkil etish va rivojlantirish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining turizm sohasidagi vakolatlari
Turizm sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
turizmni rivojlantirish davlat dasturini tasdiqlaydi;
turistik faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi;
turistlarning borishi taqiqlanadigan obyektlar va hududlarni belgilaydi;
turistlarning ayrim toifalariga imtiyozlar berish tartibini belgilaydi;
hukumatlararo shartnomalar tuzadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.
6-modda. Vakolatli davlat organining turizm sohasidagi vakolatlari
Turizm sohasida vakolatli davlat organi:
turizmni rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
turistik xizmatlar infratuzilmasini shakllantiradi;
tarixiy-madaniy merosni targ‘ib qilishni, turistik salohiyatni saqlash va rivojlantirishni tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta’minlaydi;
xalqaro turistik tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi;
turistik faoliyat subyektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda uslubiy va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.
7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining turizm sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida turizmni rivojlantirishning mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladilar.
8-modda. Turistik faoliyatni litsenziyalash
Turistik faoliyat litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Turistik faoliyatni litsenziyalash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
9-modda. Turistik faoliyatni moliyalash manbalari
Turistik faoliyat:
turistik faoliyat subyektlarining o‘z mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning pul badallari;
zayom mablag‘lari (obligatsiya zayomlari va boshqa zayomlar, bank kreditlari va boshqa kreditlar);
chet el investitsiyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
10-modda. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish
Turistik xizmatlar majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va sertifikat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi O‘RQ–31-sonli Qonuniga muvofiq chiqarilgan — O‘R QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
11-modda. Turistik sayohat va turistik xizmatlar majmui
Turistik sayohat yakka tartibda yoki turistlar guruhi tarkibida amalga oshiriladi.
Turistik xizmatlar majmui transport xizmati ko‘rsatishni, yashash, ovqatlantirish, ekskursiya xizmati ko‘rsatish, madaniy, sport dasturlarini tashkil etish va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
12-modda. Turistik xizmatlar ko‘rsatish shartnomasi
Turistik xizmatlar shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
Shartnoma ko‘rsatiladigan xizmatlarning ko‘lami va sifatini, taraflarning huquqlari hamda majburiyatlarini, haq to‘lash va hisob-kitoblar tartibini, shartnomaning amal qilish muddatini va uni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni, shuningdek taraflarning kelishuviga ko‘ra boshqa shartlarni belgilaydi.
13-modda. Turistik yo‘llanma (vaucher)
Turistik yo‘llanma (vaucher) — turistning yoki turistlar guruhining tur tarkibiga kiruvchi turistik xizmatlarga bo‘lgan huquqini belgilovchi va bunday xizmatlar ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Turistik yo‘llanmaning (vaucherning) shakli turizm sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
14-modda. Turistning huquqlari
Turist:
shartnomada nazarda tutilgan turistik xizmatlar majmuidan to‘la foydalanish;
sayohatga taalluqli to‘liq va ishonchli axborot olish;
shaxsiy xavfsizlik, o‘z huquqlarining himoya qilinishi, shuningdek o‘z mol-mulkininig asralishi;
shoshilinch tibbiy yordam olish;
shartnoma bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning to‘lanishi, shuningdek ma’naviy ziyonning o‘rni qoplanishi;
agar turning umumiy qiymati oshishi uning shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, shuningdek fors-major holatlari ro‘y bergan taqdirda turistik faoliyat subyektiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplamasdan shartnomani bekor qilish huquqiga ega.
Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.
15-modda. Turistning majburiyatlari
Turist:
shartnoma shartlariga;
bojxona va chegara nazorati qoidalariga;
borilgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.
Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘ladi.
16-modda. Turistik faoliyat subyektining huquqlari
Turistik faoliyat subyekti O‘zbekiston Respublikasi hududida turistlarga xizmatlar ko‘rsatish paytida:
turning muddati va yo‘nalishini, xizmat ko‘rsatish darajasini, transport xizmati ko‘rsatish turini, turistning xavfsizligini ta’minlash va uning mol-mulkini qo‘riqlash usulini turistning roziligi va xohishi bilangina o‘zgartirish;
turistning roziligi bilan hamda bu xususda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin turistni xabardor qilish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini oshirish;
xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan fors-major holatlari ro‘y berganda, shuningdek guruhni tuzish uchun zarur miqdorda turistlar yig‘ilmagan taqdirda turistlarni bu haqda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor qilgan holda turistik xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini bekor qilish;
turistlar yoki turistlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha sheriklar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.
Turistik faoliyat subyekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.
17-modda. Turistik faoliyat subyektining majburiyatlari
Turistik faoliyat subyekti:
turistlarga shartnomada shartlashilgan xizmatlarni ko‘rsatishi;
turistik xizmatlar ko‘rsatilmagan yoki to‘la hajmda yoxud lozim darajada sifatli ko‘rsatilmagan taqdirda turistlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi;
turistlarga turni tashkil qilish, ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida to‘liq axborot berishi;
turistik resurslar, ko‘rsatiladigan obyektlarning (madaniy meros obyektlari, tabiat obyektlari va boshqalarning) saqlanishiga ko‘maklashishi;
(17-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
turistlarning borilgan joy (mamlakat) qonun hujjatlariga rioya etishlari ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.
Turistik faoliyat subyekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘ladi.
18-modda. Turistlarning xavfsizligi kafolati
O‘zbekiston Respublikasi hududida turistlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda turistlarning himoya qilinishini hamda xavfsizligini ta’minlash dasturini ishlab chiqadi va uning bajarilishini tashkil etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida barcha turistik yo‘nalishlar bo‘yicha turistlarning himoya qilinishini va xavfsizligini ta’minlash mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va ularning bajarilishini tashkil etadilar.
Turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash, ular jarohatlanganda, kasallanganda va boshqa hollarda tibbiy va o‘zga xil yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqadilar.
19-modda. Turistlarning xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari
Turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida:
turistlarning safarda xavf-xatardan xoli bo‘lishlari uchun shart-sharoitni, safar, sayr, ekskursiya yo‘llari, musobaqalar o‘tkaziladigan joylarning obodligini ta’minlashlari;
turistlarga jarohatlanish va baxtsiz hodisalardan saqlanish hamda ularning oldini olish usullarini o‘rgatishlari, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish yuzasidan yo‘l-yo‘riq berishlari, shuningdek belgilangan yo‘nalishning xususiyati va turistlarning xatti-harakatiga bog‘liq holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf manbalari haqida ularning o‘zini xabardor qilishlari;
turistlarning sayohatlar, safarlar, musobaqalar, boshqa turistik tadbirlarga tayyorgarligi ustidan nazoratni amalga oshirishlari;
falokatga uchragan turistlarga tezkor yordam ko‘rsatishlari;
avtomobil, tog‘ chang‘i, velosiped, suv, mototsikl, piyoda safar, g‘or turizmi va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish va o‘tkazishda xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari shart.
Turistik sayohatlarni turistlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish maqsadida xizmat ko‘rsatishni ko‘zlab qidiruv-qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzadilar. Qidiruv-qutqaruv xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
20-modda. Turistlarni sug‘urta qilish
Turistlarni sug‘urta qilish majburiydir va u turistik faoliyat subyektlari tomonidan sug‘urta faoliyati olib borish huquqiga ega bo‘lgan tegishli sug‘urta tashkilotlari bilan tuziladigan bitimlar asosida amalga oshiriladi.
21-modda. Nizolarni hal etish
Turizm sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
22-modda. Turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
830-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 227-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 14-son, 113-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)