Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yoʻnaltirish maqsadida:
1. Oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab:
davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari mustasno;
davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;
davlat oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan tartib va shartlar boʻyicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bir talaba uchun ajratiladigan mablagʻ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarida bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;
davlat granti kvotalarining oliy taʼlim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi;
oliy taʼlim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-oʻqituvchilari tarkibi va oʻquv-metodik taʼminotiga muvofiq, keyingi oʻquv yili uchun oʻz qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini oʻrganadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) kiritadi;
Davlat komissiyasi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va tillar kesimida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va toʻlov-kontraktga ajratgan holda oliy taʼlim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;
b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi taʼlim sohalari (bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
v) 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant va taʼlim granti shaklida ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki:
a) ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz boʻyicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;
b) taʼlim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy taʼlim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;
v) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Bunda:
taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;
taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;
taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi;
ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi;
taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish bali tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
b) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. Bunda:
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga boʻlgan oʻz ehtiyojlarini Davlat komissiyasiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan (yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan) hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi;
(3-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimiyati, sohaviy davlat organi (tashkiloti) va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻrt tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda talabani ish bilan taʼminlash va uning oʻqishni yakunlagandan soʻng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi;
v) 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining boshqa taʼlim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
4. Belgilansinki, magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:
xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha — kamida S1 darajasida;
gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha — kamida V2 darajasida;
boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) boʻyicha — kamida V1 darajasida.
Oldingi tahrirga qarang.
5. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim tashkilotlari va texnikumlarga qabul qilish boʻyicha imtihonlar “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq oʻtkazilishi belgilansin. Bunda:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
a) abituriyentlar oʻz tanloviga koʻra test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga, soʻng texnikumlarga oʻqishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
b) davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun roʻyxatdan oʻtadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy taʼlim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi;
ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlaydi;
v) 2025/2026 oʻquv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(g) davlat texnikumlariga “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda taʼlim shaklini oliy taʼlim tashkilotlariga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda tanlaydi.
Bunda texnikumlarda oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha tasdiqlangan qabul parametrlariga nisbatan toʻlmay qolgan vakant oʻrinlarga abituriyentlarni qoʻshimcha qabul qilish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(5-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki, alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos boʻluvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi boʻlgan shaxslar hamda yigirma besh yoshga toʻlmagan “Mehribonlik” uylari, kichik hajmli bolalar uylari, bolalar shaharchalari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari boʻlgan, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi sababli ota-ona yoki yolgʻiz ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, topib olingan (tashlab ketilgan) ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bolalar hamda nikohda boʻlmagan onaning (yolgʻiz onaning) vafot etganligi natijasida boquvchisiz qolgan bolalar bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-255-sonli Farmoni tahririda)
7. Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan koʻzi ojizlarning maʼlumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq koʻrsatgan holda shakllantirsin hamda uni Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Savdo-sanoat palatasi va ish beruvchilar uyushmalari bilan birgalikda:
2024-yil yakuniga qadar mehnat bozorida kutilayotgan oʻzgarishlarni ilmiy tadqiq qilgan holda, oʻz ahamiyatini yoʻqotib boradigan hamda yangi paydo boʻladigan kasblar (lavozimlar) roʻyxati, ularga qoʻyiladigan malaka talablari va kompetensiyalarni shakllantirsin;
2025-yil 1-mayga qadar jamlangan maʼlumotlar asosida “Oʻzbekiston yangi kasblar atlasi” elektron platformasi yaratilishini hamda har yili yangilab borilishini taʼminlasin.
Ushbu bandni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda uch oy muddatda:
taʼlim grantini oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga tabaqalashtirilgan tartibda bir oʻquv yili uchun ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;
hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun maqsadli qabul kvotalarini shakllantirish, qabul jarayonlarini tashkil etish va kadrlar buyurtmachilarining aniq vazifalarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-may,
PF-81-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/81/0365-son; 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)