Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Iqtisodiy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida
Iqtisodiy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan mazkur masalaga doir qonun hujjatlari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, iqtisodiy ishlar boʻyicha sud xarajatlari davlat boji va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan iborat.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni (bundan buyon matnda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun deb yuritiladi) 3-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat boji deganda, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy toʻlov tushuniladi.
Davlat boji boshqa majburiy toʻlovlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etishi tufayli, sudlar iqtisodiy ishlar boʻyicha davlat boji undirishga doir qonun talablariga soʻzsiz rioya etishi shart.
3. Tushuntirilsinki, iqtisodiy ishlar boʻyicha davlat boji quyidagilardan undiriladi:
1) sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan;
Oldingi tahrirga qarang.
2) yuridik va jismoniy shaxslarni, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalardan;
(3-bandning 2-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
3) nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish haqidagi arizalardan;
4) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalardan;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan;
Oldingi tahrirga qarang.
61) arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi arizalardan;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan 61-kichik band bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
7) chet davlat sudining, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan;
(3-bandning 7-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8) apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan:
(3-bandning 8-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
a) iqtisodiy sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan;
b) ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
v) hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
g) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ajrimlar ustidan;
Oldingi tahrirga qarang.
g1) arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ajrimlar ustidan;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan “g1” kichik band bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
d) chet davlat sudining, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
(3-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
9) sud hujjatlarining dublikatlarini va koʻchirma nusxalarini berganlik uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning 10-kichik bandi Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Shuningdek, davlat boji daʼvo miqdorini koʻpaytirish va sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizalardan ham undiriladi.
Ish hujjatlaridan fotonusxa koʻchirish uchun davlat boji undirilmaydi.
5. Davlat boji daʼvo arizasi (ariza), shikoyat sudga berilgunga qadar toʻlanadi, agar qonunda boshqacha belgilanmagan boʻlsa (masalan, toʻlovchi davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan yoki sud davlat boji toʻlashni kechiktirgan boʻlsa).
Davlat boji naqd pulsiz shaklda toʻlanganligi fakti bankning toʻlov qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi belgisi boʻlgan toʻlov topshiriqnomasi bilan tasdiqlanishi shart.
Davlat boji naqd pul shaklida toʻlanganligi fakti bank tomonidan toʻlovchiga beriladigan belgilangan shakldagi kvitansiya bilan tasdiqlanishi kerak.
Agar muayyan sudda koʻrilishi kerak boʻlgan bir nechta daʼvo arizalari (arizalar) boʻyicha davlat boji bitta toʻlov topshiriqnomasi bilan toʻlangan boʻlsa, toʻlov topshiriqnomasi ishlardan biriga ilova qilinadi.
Qolgan ishlarga sudya tomonidan toʻlov topshiriqnomasi sanasi va raqami koʻrsatilgan hamda toʻlov topshiriqnomasi qoʻshib qoʻyilgan ishga havola qilingan holda davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi (maʼlumotnoma tuziladi).
Mazkur qoida pochta xarajatlariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5.1. Ish koʻrish uchun bir iqtisodiy suddan boshqa iqtisodiy sudga IPK 39-moddasiga asosan oʻtkazilganda, avval toʻlangan davlat boji va pochta xarajatlari ishni koʻrish yakuni boʻyicha inobatga olinishi kerak.
IPK 152-moddasining uchinchi qismi mazmuniga binoan, sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha suddan yoki maʼmuriy suddan daʼvo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda davlat boji kam toʻlanganligi aniqlansa, sudya daʼvo arizasi (ariza) yoki ish materiallari sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida daʼvogarni (arizachini) ajrim orqali xabardor qiladi va unga buning uchun oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddat beradi.
Mazkur koʻrsatma belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, sudya daʼvo arizasi (ariza) va unga ilova qilingan hujjatlarni IPK 155-moddasi birinchi qismining 11-bandiga asosan qaytaradi.
(5.1-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
6. Shuni nazarda tutish lozimki, toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji miqdori daʼvogar (arizachi) sudga murojaat qilayotgan talabining turiga qarab qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar boʻyicha aniqlanadi.
Bir nechta mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvo arizalaridan (arizalardan) davlat boji har bir talab boʻyicha, ushbu talab uchun belgilangan tegishli stavkalar boʻyicha alohida undiriladi.
IPK 139-moddasiga koʻra, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza uchun sudga daʼvo bilan umumiy tartibda murojaat qilganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji toʻlanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha toʻlanadigan (undiriladigan) davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan kam boʻlmasligi lozim, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan holda esa, toʻlanadigan davlat bojining miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6.1. Sudlarning eʼtibori, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 17-moddasi sakkizinchi qismining mazmuniga binoan, agar mulkiy nizo boʻyicha sudga daʼvo arizasi berilganda, daʼvo qiymati chet el valyutasida belgilansa, davlat bojining miqdori daʼvo arizasi taqdim etilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy valyutada belgilanishi va undirilishiga qaratilsin.
Ushbu qoida sud qarorlari ustidan shikoyat berishda ham qoʻllaniladi.
6.2. Sudlarga tushuntirilsinki, daʼvogar tomonidan daʼvo talablari kamaytirilgan taqdirda, davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi hamda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
Neustoyka miqdori iqtisodiy sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, daʼvogarning davlat boji boʻyicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi lozim boʻlgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanadi, agar daʼvogar davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa) yuqorida belgilangan miqdorda davlat daromadiga undiriladi.
6.3. Iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlangan boʻlib, daʼvo talablari qanoatlantirilganda, agar javobgar davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa, ishni koʻrish natijasi boʻyicha undan undiriladigan davlat bojining miqdori daʼvogar tomonidan toʻlab chiqilgan summa bilan chegaralanadi.
Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan daʼvo talablari qanoatlantirilgan yoki rad etilgan taqdirda davlat boji taraflardan umumiy asoslarda undiriladi.
Agar iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyektiga davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilgan boʻlsa, davlat boji ishni koʻrish natijasi boʻyicha tegishli tarafdan qonunda belgilangan stavkada undiriladi.
6.4. Korporativ nizolar boʻyicha taʼsischini yoki bir nechta taʼsischilarni jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha davlat boji nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan miqdorda bitta talab deb baholangan holda toʻlanadi yoki undiriladi.
6.5. Sudlarning eʼtibori IPK 149-moddasining mazmuniga koʻra, daʼvoning bahosi daʼvo arizasida koʻrsatilishi lozimligidan kelib chiqib, mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini tan olish, mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasiga daʼvo (mulk)ning qiymatini bahosini (mulkning qiymatini) tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilinishi lozimligiga qaratilsin.
Mulk huquqi, mol-mulkni talab qilib olish bilan bogʻliq nizolar boʻyicha mulkning qiymati aniq boʻlmagan taqdirda sud ishni koʻrish davomida davlat boji toʻgʻri undirilishini taʼminlash maqsadida mavjud hujjatlar asosida mulkning qiymatini aniqlash chorasini koʻradi.
Agar mavjud hujjatlar asosida mulkning qiymatini aniqlash imkoni boʻlmasa, buni aniqlash sudning ajrimiga asosan baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi va baholash xarajatlari daʼvogarning zimmasiga yuklanadi.
Keyinchalik, bu xarajatlar IPKning 118-moddasiga binoan taqsimlanadi.
Mulkning qiymati aniq emasligi belgilangan miqdordagi davlat bojini undirmaslik uchun asos boʻlmaydi.
6.6. Nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalaridan (arizalardan), toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalardan, shartnomani tuzish, oʻzgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo boʻyicha davlat boji uni berish kunida amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Ushbu qoida davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan shaxslar manfaatida taqdim etilgan daʼvolar boʻyicha ham tatbiq etiladi.
Ushbu toifadagi ishlar boʻyicha apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyatlari bilan murojaat qilinganda davlat boji daʼvo arizasi (ariza) berilgan kunda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Iqtisodiy sud tomonidan sud hujjatlarining dublikatlarini va ishdan boshqa hujjatlarning nusxalarini berish uchun davlat boji uni toʻlash kunida amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
( 6.1 — 6.6-bandlar Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
7. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisiga koʻra, qarshi daʼvo arizalaridan, shuningdek uchinchi shaxslarning ishga mustaqil talablar bilan kirish haqidagi arizalaridan davlat boji umumiy asoslarda undiriladi.
Ishga kirishgan daʼvogar (arizachi)ning huquqiy vorisidan davlat boji, agar u muqaddam toʻlanmagan boʻlsa, umumiy asoslarda undiriladi.
8. Daʼvo arizasi (ariza) bir necha shaxs tomonidan birgalikda taqdim etilganda, davlat boji mazkur turdagi talab uchun belgilangan miqdordan oshmasligi lozim.
Birlashtirilgan bir yoki bir necha talablar sud tomonidan alohida ish yuritishga ajratilganda, qonun hujjatlari talablariga muvofiq toʻlangan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. U alohida ajratilgan ish yuritish boʻyicha hisobga olinadi, bu haqda sudya tomonidan tegishli maʼlumotnoma tuziladi va ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
9. Sud tomonidan koʻrmasdan qoldirilgan daʼvo arizasi (ariza) takroran berilganda davlat boji qaytadan umumiy asoslarda toʻlanadi.
Agar daʼvo arizasi (ariza) koʻrmasdan qoldirilganligi munosabati bilan davlat boji qaytarilishi kerak boʻlsa-yu, lekin qaytarilmasa, agar davlat boji budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq daʼvo muddati tugamagan boʻlsa, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining beshinchi qismi).
Mazkur norma qaytarilishiga sabab boʻlgan kamchiliklari bartaraf etilib qayta topshirilgan daʼvo arizalariga (arizalarga) nisbatan ham qoʻllaniladi.
10. Sudga davlat boji toʻlanmagan daʼvo arizasi (ariza) kelib tushganda, sudya qonun boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslar roʻyxatiga daʼvogar (arizachi) kirishi yoki kirmasligini tekshirishi shart (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasi). Agar daʼvogar (arizachi) qonunga koʻra, davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa va arizada uni toʻlashni kechiktirish haqida iltimosnoma mavjud boʻlmasa, shuningdek pochta xarajatlari toʻlanmaganda, sudya toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji, pochta xarajatlari summasini hamda ushbu kamchilik bartaraf qilingandan soʻng daʼvogar (arizachi)ning umumiy tartibda takroran murojaat qilish huquqini koʻrsatgan holda daʼvo arizasini (arizani) qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi (IPK 155-moddasi).
Qonun boʻyicha sudya davlat bojini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etish huquqiga ega emasligini nazarda tutish lozim. Biroq, daʼvogar (arizachi)ning, xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxsning mulkiy ahvolidan kelib chiqib, sudya davlat bojini toʻlashni kechiktirish masalasini hal qilishga haqli (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining yigirma yettinchi qismi).
11. Ham yuridik, ham jismoniy shaxsdan davlat foydasiga undiriladigan davlat bojini kechiktirish masalasini hal qilishda, sud ularning bu xarajatlarni qisman yoki bir yoʻla toʻlashga pul mablagʻlari boʻlmaganligini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi haqidagi dalillarni tekshirishi lozim. Pul mablagʻlarining boʻlmaganligi toʻgʻrisidagi bankning tasdigʻi sudga murojaat qilingan sanadan koʻpi bilan uch kun oldingi sana bilan qayd etilgan boʻlishi lozim.
12. Sudlarga tushuntirilsinki, davlat bojini qaytarish asoslari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan boʻlib, uning maʼnosiga koʻra, davlat boji qonunda talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlangan boʻlsa, shu ortiqcha toʻlangan qismi, boshqa hollarda esa toʻliq hajmda qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ortiqcha toʻlangan summalarni qaytarish sudning hujjati asosida amalga oshiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
13. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, iqtisodiy ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarga:
guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar;
dalillarni joyida koʻzdan kechirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar;
sud tayinlagan ekspertizani oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar;
sud xabarnomalarini va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlari;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar;
ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar kiradi.
Sudlarning eʼtibori sud chiqimlarini toʻlashdan ozod etish qonunda nazarda tutilmaganligiga qaratilsin.
14. Sud chiqimlarining taraf (taraflar) tomonidan oldindan kiritilmaganligi guvohni, ekspertni, mutaxassisni chaqirish, joyiga borib koʻzdan kechirish haqida qilingan iltimosnomani, agar bu taraflarning huquq va majburiyatlarini, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona aniqlash uchun zarur boʻlsa, qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda ishni koʻrish bilan bogʻliq sarf qilingan chiqimlar, IPK 118-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha sud hujjati qabul qilinayotganda undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Tushuntirilsinki, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar va ularni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi 570-sonli “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan belgilangan.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
16. Umumiy qoidaga koʻra, ish boʻyicha sud xarajatlarini nizoda nohaq boʻlib chiqqan taraf toʻlaydi.
Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash va ularni davlat foydasiga undirish IPK 118-moddasi bilan tartibga solinadi. Shu sababli sud muhokamasi jarayonida sud (sudya) sud xarajatlari bilan bogʻliq holatlarni tekshirishi, bu holatlar boʻyicha hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida tegishli xulosalar qilishi va, nafaqat undiruvga boʻlgan huquqni, balki ish boʻyicha tarafdan (taraflardan) undirilishi lozim boʻlgan aniq summani belgilashi hamda shu summani hal qiluv qarorining (ajrimning, qarorning) xulosa qismida koʻrsatishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
16.1. Shuni nazarda tutish lozimki, Oliy sudning sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni oʻrganish davomida yuridik ahamiyatga molik boʻlgan bir qator harakatlarni amalga oshiradi.
Shunga koʻra, agar, davlat boji oldindan toʻlanmagan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyat Oliy sudning Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish rad etilganda davlat boji umumiy asoslarda undirilishi lozim.
(16.1-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Davlat boji toʻlanmagan holda qabul qilingan arizalar (daʼvo arizalari) yuzasidan davlat boji ish yakuni boʻyicha, ariza qabul qilingan paytda amalda boʻlgan davlat boji stavkasi boʻyicha undiriladi. Ushbu qoida sud qarorlari ustidan shikoyat berishda ham qoʻllaniladi.
Daʼvogar (arizachi) toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan talablar miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan davlat daromadiga undiriladi.
Davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan bir yoki bir nechta daʼvogar (arizachi) tomonidan bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilgan daʼvo arizasi (ariza) toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda, u davlat foydasiga har bir javobgardan alohida qanoatlantirilgan talablarga mutanosib ravishda undiriladi.
Daʼvo arizasi (ariza) qanoatlantirilgan holda daʼvogar (arizachi)ning tegishli iltimosnomasi mavjud boʻlgandagina, sud xarajatlari uning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatida kiritgan daʼvo arizalari (arizalar)ni qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan shaxslardan daʼvo talablarining qanoatlantirish rad etilgan qismiga mutanosib ravishda, shuningdek daʼvo koʻrmasdan qoldirilganda yoki ish yuritish tugatilganda davlat boji manfaati koʻzlanib daʼvo kiritilgan daʼvogarlardan undiriladi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan daʼvoni koʻrmasdan qoldirish yoki ish yuritish tugatish hollari bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 10-oktabrdagi PQ-3318-sonli qarori 3-bandning toʻrtinchi xatboshisida fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini koʻzlab sudga davlat boji toʻlamasdan daʼvo arizalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish huquqi berilgan boʻlib, bunda daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilganda manfaati koʻzlab daʼvo arizasi kiritilgan fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalaridan davlat boji undirilmasligi belgilangan.
Sudlar mazkur qoida daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilgan yoki ish yuritish tugatilganda ham qoʻllanilishi lozimligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Agar daʼvo arizasida bitimni haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa, ushbu talab boʻyicha davlat boji mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalari uchun belgilangan stavka boʻyicha undiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
18. Tushuntirilsinki, daʼvogar (arizachi) arz qilgan talablaridan voz kechganda u qilgan xarajatlarning oʻrni javobgar tomonidan qoplanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar (arizachi) oʻz talablaridan ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganligi oqibatida voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan holda, davlat boji javobgardan qanoatlantirilgan talablarga mutanosib ravishda davlat daromadiga undiriladi.
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, daʼvo arizasi (arizasi) ish yuritishga qabul qilinganidan keyin nizo bartaraf etilganligi munosabati bilan mediativ kelishuv tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi sababli bunday holatda ish mazmunan koʻrib chiqilishi va natijasi boʻyicha davlat boji umumiy asoslarda undirilishi lozim.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
19. IPK 189-moddasiga koʻra, sud xarajatlari masalasiga doir qoʻshimcha hal qiluv qarori faqat, bu masala hal qiluv qarori chiqarish vaqtida yechilmagan holdagina chiqarilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Sudlarga tushuntirilsinki, davlat boji bilan bogʻliq masalalar boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan umumiy asoslarda shikoyat (protest) berilishi mumkin. Bunday shikoyatlar uchun davlat boji toʻlanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatining faqatgina davlat bojiga oid qismi shikoyat qilingan taqdirda, davlat boji toʻlanmaydi. Bunda sudlarning eʼtibori apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha nizolashilayotgan sud hujjatining davlat bojidan tashqari qismi oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganda, davlat bojini undirish masalasi IPKda nazarda tutilgan umumiy tartibda hal qilinishiga qaratilsin.
Apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlari sud hujjatining bir qismiga nisbatan berilganda davlat boji sud hujjatining nizolashilayotgan qismidan kelib chiqib hisoblanadi.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan almashtirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
201. Sud hujjati bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun quyi sudga yuborilganida, davlat bojini taqsimlash masalasi ishni yangidan koʻrayotgan sud tomonidan toʻlangan davlat boji va daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
(201-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
21. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 9-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojidan ozod etilgan.
Apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatidan voz kechilganligi sababli, shikoyat koʻrmasdan qoldirilganda yoki ish yuritish tugatilganda, toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, agar shikoyat berishda davlat boji toʻlanmagan boʻlsa, davlat boji shikoyat bergan shaxsdan undiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Yuqori instansiya sudlari iqtisodiy ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrish vaqtida quyi instansiya sudlari tomonidan sud xarajatlarini undirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tuzatish choralarini koʻrishi lozim.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
22.1. IPK 265-moddasining ikkinchi qismi, 288-moddasining ikkinchi qismi hamda 313-moddasining ikkinchi qismida apellyatsiya, kassatsiya va taftish protestiga pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi nazarda tutilmagan.
Sudlarning eʼtibori protest asosida koʻrilgan ish boʻyicha sud xarajati ishni koʻrish natijasiga koʻra, tegishli tarafdan undirilishiga qaratilsin.
22.2. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyatidan voz kechilgan va shikoyatdan voz kechish sud tomonidan qabul qilingan holda, tegishli sud instansiyasi shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatadi va toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa, shikoyat bergan shaxsdan undiriladi.
Sudlarning eʼtibori apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyati koʻrmasdan qoldirilganida toʻlangan davlat boji qaytarilmasligiga, toʻlanmagan davlat boji esa, shikoyat bergan shaxsdan undirilishiga qaratilsin.
22.3. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjati yangi ochilgan holatlar boʻyicha bekor qilingan va ish yangidan koʻrilganda, sud instansiyalari uchun davlat bojini taqsimlash masalasi ishni yangidan koʻrayotgan iqtisodiy sud tomonidan toʻlangan davlat boji va daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
(22.1 — 22.3-bandlar Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari davlat soliq xizmati organlari bilan birgalikda davlat boji tushumlari hisobga olinishini vaqti-vaqti bilan taqqoslash oʻtkazishi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini amalga oshirishi lozim.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-dekabr,
36-son