[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.06.00.00 Xalqaro shartnomalar huquqi / 19.06.02.00 Shartnomalarni tuzish va ularning kuchga kirishi]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]
XALQARO XUSUSIY HUQUQ BO‘YIChA GAAGA KONFERENSIYASI
UstavI
Gaaga, 1951-yil 31-oktabr
LexUZ sharhi
Mazkur Ustav O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 2-martdagi O‘RQ-605 sonli “Xalqaro xususiy xuquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951-yil 31-oktabr) ratifikatsiya qilish xaqida”gi
Qonuniga
asosan ratifikatsiya qilingan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2020-yil 4-martdan kuchga kirgan)
Quyida belgilangan mamlakatlar hukumatlari:
Germaniya Federativ Respublikasi, Avstriya, Belgiya, Daniya, Ispaniya, Finlyandiya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Niderlandiya, Portugaliya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Shvetsiya va Shveysariya,
Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga Konferensiyasining doimiy xususiyatini hisobga olgan holda,
Mazkur xususiyatni ta’kidlashni istab,
Shu maqsadda Konferensiyani Ustav bilan ta’minlash maqsadga muvofiq deb topib,
Quyidagi qoidalar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Gaaga Konferensiyasining maqsadi xalqaro xususiy huquq qoidalarini progressiv unifikatsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
2-modda
(1) Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga Konferensiyasi a’zolari Konferensiyaning bir yoki undan ortiq sessiyalarida ishtirok etgan va mazkur Ustavni qabul qilgan davlatlar hisoblanadi.
(2) Konferensiya faoliyati uchun ishtirok etishi yuridik nuqtai nazardan muhim bo‘lgan har qanday davlat a’zo bo‘lishi mumkin.
Yangi a’zo davlatlarning qabul qilinishi a’zo-davlatlar hukumatlari tomonidan, ularning bir yoki bir nechtasining taklifiga ko‘ra, ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan, hukumatlarga taklif kiritilgan sanadan olti oy ichida hal qilinadi.
(3) A’zolikka qabul qilish mazkur Ustav tegishli davlat tomonidan qabul qilingandan so‘ng kuchga kiradi.
3-modda
(1) Konferensiya a’zo-davlatlar ko‘pchilik a’zo-davlatlar ishtirok etadigan umumiy masalalar va siyosat bo‘yicha majlislarda ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan Bosh kotibga a’zolik so‘rovnomasini taqdim etgan har qanday mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkilotini a’zolikka qabul qilish haqida qaror qabul kilishi mumkin. Mazkur Ustavga muvofiq a’zolarga havolalar, aniq boshqacha belgilangan bo‘lmasa, shunday a’zo tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. A’zolikka qabul qilish tegishli mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti tomonidan Ustavni qabul kilingandan so‘ng kuchga kiradi.
(2) Konferensiya a’zoligiga so‘rovnoma berishga loyiq bo‘lish uchun mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti faqat mustaqil davlatlardan iborat bo‘lgan va Konferensiya vakolatiga taaluqli bir qator masalalar doirasida, xususan ushbu masalalar yuzasidan a’zo-davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolati, unga a’zo-davlatlar tomonidan berilgan bo‘lishi lozim.
(3) Har bir a’zolik uchun murojaat qilayotgan mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti, shunday so‘rovnoma vaqtida, a’zo davlatlari unga vakolatlarini bergan masalalarni ko‘zda tutuvchi bayonotni taqdim kiladi.
(4) Har bir a’zo-tashkilot va uning a’zo-davlatlari a’zo-tashkilot vakolatiga oid yoki uning a’zoligidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida Bosh kotibni xabardor qiladi, u bunday ma’lumotni Konferensiyaning boshqa a’zolariga tarqatadi.
(5) A’zo tashkilotning a’zo davlatlari vakolatlar berilganligi to‘g‘risida alohida e’lon qilinmagan yoki xabardor qilinmagan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vakolatini saqlab qolgan deb tushuniladi.
(6) Konferensiyaning har qanday a’zosi a’zo-tashkilot va uning a’zo-davlatlaridan Konferensiya oldiga qo‘yilgan xar qanday aniq savol bo‘yicha a’zo-tashkilot vakolati mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘rashi mumkin. A’zo-tashkilot va uning a’zo-davlatlari mazkur so‘rov bo‘yicha ushbu ma’lumot berilishini kafolatlaydilar.
(7) A’zo-tashkilot tegishli vakolat doirasida Konferensiya a’zosi hisoblanuvchi o‘zining a’zo-davlatlari bilan muqobillik asosida a’zolik huquqlarini amalga oshiradi.
(8) A’zo-tashkilot o‘z vakolatiga qiradigan masalalar bo‘yicha Konferensiyaning har qanday majlisida ishtirok etishga haqli hisoblanadi, va bunda ovozlar soni qo‘yilgan masala yuzasidan mazkur majlisda ovoz berishga haqli bo‘lgan va ro‘yxatga olingan, a’zo tashkilotga bu masala bo‘yicha vakolatini bergan a’zo mamlakatlar soniga teng. A’zo-tashkilot ovoz berish huquqini amalga oshirgan hollarda, uning a’zo-davlatlari undan foydalanmaydilar va aksincha.
(9) Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti faqat mustaqil davlatlardan iborat bo‘lgan va uning a’zo-davlatlari bir qator masalalar doirasida, xususan mazkur masalalar yuzasidan a’zo-davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolati berilgan xalqaro tashkilotni anglatadi.
4-modda
(1) Konferensiyaning faoliyati barcha a’zolardan tashkil topgan Umumiy masalalar va siyosat bo‘yicha kengash (keyingi o‘rnilarda
—
“Kengash” deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Kengash majlislari, qoida tariqasida, har yili o‘tkaziladi.
(2) Kengash Konferensiyaning faoliyatini o‘zi rahbarlik qiladigan Doimiy byuro orqali amalga oshiradi.
(3) Kengash Konferensiyaning kun tartibiga kiritiladigan barcha takliflarni ko‘rib chiqadi. U mazkur takliflar yuzasidan qaror qabul qilishda mustaqildir.
(4) Xalqaro xususiy huquqni kodifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1897 yil 20-fevralda Qirollik farmoni bilan tashkil etilgan Niderlandiya Doimiy hukumat qo‘mitasi Konferensiya a’zolari bilan masalahatlashuvdan so‘ng Diplomatik sessiyalar o‘tkazilish sanasini belgilaydi.
(5) Doimiy hukumat qo‘mitasi Niderlandiya Hukumatiga a’zolarni yig‘ish bo‘yicha murojaat qiladi. Doimiy hukumat qo‘mitasi Raisi Konferensiya sessiyalariga raislik qiladi.
(6) Konferensiyaning navbatdagi sessiyalari, qoida tariqasida, to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
(7) Zarur hollarda, Kengash Doimiy hukumat qo‘mitasi bilan maslahatlashuvdan so‘ng Niderlandiya Hukumatiga Konferensiyaning navbatdan tashqari sessiyasini o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilishi mumkin.
(8) Kengash Konferensiyaga taalluqli boshqa har qanday masalalar yuzasidan Doimiy hukumat qo‘mitasi bilan maslahatlashishi mumkin.
5-modda
(1) Doimiy byuro Gaaga shahrida joylashadi. U Bosh kotib va to‘rt nafar Kotiblardan iborat bo‘lib, ular Doimiy hukumat qo‘mitasi taqdimnomasiga binoan Niderlandiya Hukumati tomonidan lavozimiga tayinlanadi.
(2) Bosh kotib va Kotiblar tegishli yuridik ma’lumotga va amaliy tajribaga ega bo‘lishlari lozim. Ularni lavozimga tayinlashda teng geografik taqsimot prinsipi va yuridik malaka hisobga olinadi.
6-modda
Kengash rahbarligida Doimiy byuro quyidagilarni ta’minlaydi:
a) Gaaga konferensiyasi sessiyalariga va Kengash hamda Maxsus komissiyalar yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni tashkillashtirish;
b) yuqorida ko‘rsatilgan sessiyalar va yig‘ilishlar Kotibiyatining ishini tashkil etish;
c) kotibiyat faoliyatga taalluqli barcha vazifalarni bajarish.
7-modda
(1) Konferensiya a’zolari va Doimiy byuro o‘rtasidagi aloqalarga ko‘maklashish maqsadida har bir a’zo-davlatning hukumati milliy organni, a’zo-tashkilotlar esa vakolatli organni tayinlaydilar.
(2) Doimiy byuro shu tarzda tayinlangan barcha organlar va vakolatli xalqaro tashkilotlar bilan yozishmalar olib borishi mumkin.
8-modda
(1) Kengash Konferensiya sessiyalari va sessiyalar oralig‘idagi muddatlarda konvensiyalar loyihalarini ishlab chiqish yoki Konferensiya maqsadlariga tegishli xalqaro xususiy huquqning har qanday masalalarini o‘rganish uchun Maxsus komissiyalar tuzishi mumkin.
(2) Sessiyalar, Kengash va maxsus komissiyalar, imkon qadar, konsensus asosida faoliyat yuritadi.
9-modda
(1) Konferensiyaning budjet xarajatlari konferensiyaning a’zo davlatlari o‘rtasida taqsimlanadi.
(2) A’zo-tashkilot uning a’zo-davlatlari badallariga qo‘shimcha tarzda Konferensiyaning yillik budjetiga hissa qo‘shishi talab etilmaydi, lekin uning ishtiroki bilan bog‘liq ma’muriy xarajatlarni qoplash uchun mazkur a’zo tashkilot bilan maslahatlashgandan so‘ng Konferensiya tomonidan belgilanadigan badal pulini to‘laydi.
(3) Har qanday holatda, Kengash va maxsus komissiyalar delegatlarining sayoxat va yashash xarajatlari mazkur delegatlarni yuboruvchi a’zolar tomonidan qoplanadi.
10-modda
(1) Konferensiyaning budjeti har yili Gaagada a’zo-davlatlar diplomatik vakillarining Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
(2) Mazkur vakillar, shuningdek, a’zo-davlatlar o‘rtasida ushbu budjetda ko‘rsatilgan xarajatlarni tegishli ravishda taqsimlaydi.
(3) Bunday maqsadlar uchun diplomatik vakillar Niderlandiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri raisligida uchrashadilar.
11-modda
(1) Konferensiyaning odatiy va navbatdan tashqari sessiyalarini o‘tkazishdan kelib chiqadigan xarajatlarni Niderlandiya Qirolligi Hukumati qoplaydi.
(2) Har qanday xolatda, delegatlarning sayoxat va yashash xarajatlari tegishli a’zo-davlat tomonidan qoplanadi.
12-modda
Basharti Konferensiya odatlari mazkur Ustavga yoki Reglamentga zid bo‘lmasa, barcha holatlarda ularga rioya qilinishda davom etiladi.
13-modda
(1) Umumiy masalalar va siyosat bo‘yicha majlisda hozir bo‘lgan a’zo-davlatlar konsensus asosida mazkur Ustavga o‘zgartirish kiritishlari mumkin.
(2) Bunday o‘zgarishlar a’zo-davlatlarning uchdan ikki qismi o‘zlarining tegishli davlat ichki protseduralariga muvofiq tasdiqlaganlaridan so‘ng uch oydan keyin, lekin qabul qilinganidan kamida to‘qqiz oydan so‘ng, kuchga kiradi.
(3) Ikkinchi bandda qayd etilgan muddatlar birinchi bandda ko‘rsatilgan majlislarda konsensus asosida o‘zgartirilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Ustavning qoidalari ularning ijrosini ta’minlash maqsadida Reglament bilan to‘ldiriladi. Reglament Doimiy byuro tomonidan ishlab chiqiladi va Diplomatik sessiya, diplomatik vakillar Kengashi yoki Umumiy masalalar va siyosat bo‘yicha Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
15-modda
(1) Mazkur Ustav bir yoki undan ortiq Konferensiya sessiyalarida qatinashgan davlatlar hukumatlariga qabul qilish uchun taqdim etiladi. Mazkur Ustav Ettinchi sessiyada qatnashgan davlatlarning ko‘pchiligi tomonidan qabul qilinishi bilanoq kuchga kiradi.
(2) Qabul qilish to‘g‘risidagi bildirishnoma Niderlandiya Hukumatiga topshiriladi va u bu haqida mazkur moddaning
birinchi bandida
ko‘rsatilgan hukumatlarni xabardor qiladi.
(3) Yangi a’zo qabul qilingan holatda, Niderlandiya Hukumati mazkur yangi a’zoning qabul qilish to‘g‘risidagi bildirishnomasi haqida boshqa barcha a’zo davlatlarga xabar beradi.
16-modda
(1) Har bir a’zo mazkur Ustavni uning 15-moddasi
birinchi bandiga
muvofiq kuchga kirgan kunidan boshlab besh yil muddat tugaganidan so‘ng denonsatsiya qilishi mumkin.
(2) Deponsatsiya qilish haqidagi xabarnoma Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligiga Konferensiya budjet yili tugashidan kamida olti oy oldin berilishi lozim va denonsatsiya yuqorida keltirilgan yil tugaganidan so‘ng faqat mazkur xabarnomani bergan a’zo-davlatga nisbatan kuchga kiradi.
Mazkur Ustavning 2007-yil 1-yanvaridan kuchga kirgan o‘zgartirishlari bilan birga ingliz va fransuz tillaridagi matnlari teng autentikdir.